Unicef 1946-yilda BMT tomonidan tashkil etilgan Xalqaro bolalar jamg‘armasining (ISEF) vorisi hisoblanadi.
1994-yildan buyon Unicef O‘zbekistonda bolalar va ularning oilalari hayotini yaxshilash, eng kam ta’minlangan qatlamlarga alohida e’tibor qaratish bo‘yicha ish olib boradi.
Butun dunyodagi jiddiy muammolarga qaramay, Unicef xodimlari har bir bolaning oziq-ovqatga bo‘lgan huquqlari, tabiiy ofatlardan va zo‘ravonliklardan himoyalanish hamda tenglikni ta’minlash uchun astoydil harakat qilmoqda.
Hamkorlik dasturlarini izchil amalga oshirish orqali UNISEF O‘zbekiston hukumatiga respublika va mahalliy darajada bolalar va ularning oilalari huquqlari va farovonligi bilan bog‘liq masalalarda yordam ko‘rsatadi. Bu ish fuqarolik jamiyati tashkilotlari, parlament, jamiyat, yoshlar, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, ko‘p tomonlama va ikki tomonlama rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonda bolalarni himoya qilishga taalluqli bo‘lgan o‘ta muhim masalalarni hal qilish maqsadida ko‘p qirrali strategiyani olib boradi. Tegishli siyosat va qonunchilikni ishlab chiqishda texnikaviy ko‘mak berish, barcha bolalar uchun xavfsiz muhitni yaratish uchun turli mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, bola himoyasi bo‘yicha aholi xabardorligini oshirish shular jumlasiga kiradi.
Ushbu sohadagi tashabbuslar xavfsiz onalik va bolalik bo‘yicha xalqaro standartlar va amaliyot integratsiyalashuvi, tibbiyot xodimlariga saboq berish hamda yuqori samarali va katta xarajatlarni talab qilmaydigan ona va bola salomatligini muhofaza qilish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalarni qamrab olgan. Shu bilan birga, Unicef mamlakatda turli kasalliklar profilaktikasiga qaratilgan tadbirlarni ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu sohada Unicef “Bolalarga do‘stona munosabatdagi shifoxonalar tashabbusi”, axborot-tashviqot dasturlari va jamoatchilikni xabardor qilish orqali immunizatsiya bo‘yicha umummilliy tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish, oziqlanish va oziq-ovqatlarni boyitish bilan bog‘liq qonunlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, faqat ko‘krak suti bilan emizib boqishni ilgari surishga ko‘maklashdi.
2013-yil sentabr oyida O‘zbekiston 2013-2017-yillarga mo‘ljallangan Kompleks ta’lim sektori rejasi (GPE) taqdimotidan so‘ng Ta’lim bo‘yicha Global hamkorlik tashkilotiga (ESP) a’zo bo‘ldi.