«Ayollar daftari»ga kiritilgan tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga asbob-uskuna, mehnat qurollari (tikuvchilik, to‘qimachilik, pazandachilik, soch turmaklash, duradgorlik, chilangarlik, qurilish, qishloq xo‘jaligi (motokulьtivator, o‘t o‘rish o‘roq mashinasi, payvandlash apparati, o‘simliklarga ishlov berish qurilmasi) va boshqa sohalarda ishlatiladigan mehnat qurollari va apparatlarini xarid qilish uchun 10 million so‘mgacha Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda yoki 10 million so‘mgacha «Ayollar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «mahalla ettiligi»ning kollegial qarori asosida «Ayollar daftari» jamg‘armasi Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq subsidiya ajratiladi.
«Mahalla ettiligi» tomonidan fuqaroning murojaati 3 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘rganib chiqiladi hamda «mahalla ettiligi»ning subsidiya ajratish to‘g‘risidagi kollegial qarori qabul qilinadi va 1 ish kuni ichida Vasiylik kengashiga taqdim etadi.
Vasiylik kengashining ishchi organi — Oila va xotin-qizlar bo‘limi Vasiylik kengashi qarori rasmiylashtirilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida davlat xaridlarining elektron tizimi orqali qarorda ko‘rsatilgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini belgilangan tartibda xarid qilish choralarini ko‘radi.
Ariza beruvchiga ajratilgan subsidiya asosida xarid qilingan asbob-uskuna yoki mehnat qurollaridan samarali va maqsadli foydalanayotganligi, ularning texnik holati sozligi «mahalla ettiligi» tomonidan o‘rganiladi.