Fraktsiya — siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlar tomonidan shu partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladigan deputatlar birlashmasi.
Fraktsiyalar siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning ta’sis yig‘ilishlarida tuziladi va Qonunchilik palatasi tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar deputati fraktsiya tuzish huquqiga ega.
Deputat bir vaqtning o‘zida faqat bitta fraktsiyaga a’zo bo‘lishi mumkin. Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan va Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat o‘zi saylangan shu siyosiy partiya fraktsiyasining a’zosi bo‘lishi kerak.
Fraktsiyalar Qonunchilik palatasida o‘z siyosiy partiyasining pozitsiyasini ifoda etadi. Ular, jumladan:
Qonunchilik palatasida ko‘pchilik o‘rinni egallagan fraktsiya parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi.
Dasturiy maqsadlari yaqin yoki mos bo‘lgan bir nechta fraktsiya blokka birlashib ham parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin. Bunday birlashish har bir fraktsiyaning qonunda belgilangan huquqlarini mustaqil amalga oshirishini cheklamaydi.
Yangidan shakllantirilgan Hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan fraktsiya o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.
Muxolifatdagi fraktsiya umumiy fraktsiya huquqlaridan tashqari qo‘shimcha kafolatlarga ega. Jumladan, uning vakillari uchun Qonunchilik palatasida 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimi kafolatlanadi, shuningdek u qonun loyihalarining muqobil tahrirlarini kiritish huquqiga ega.