Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11227 marta o'qildi

FRAKSIYaLAR VA DEPUTATLAR GURUHI
Qonunchilik palatasi deputatlari siyosiy, professional va boshqa asosda fraktsiyalar va deputatlar guruhlari shaklida deputatlar birlashmalarini tuzishi mumkin.

  • Fraktsiya siyosiy partiyadan ko‘rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan deputatlar birlashmasidir.
  • Deputatlar guruhlarini Qonunchilik palatasi tarkibiga saylangan, siyosiy partiyadan ko‘rsatilmagan deputatlar tuzishga haqli.
  • Qonunchilik palatasi deputatining fraktsiyaga yoki deputatlar guruhiga kirishi to‘g‘risidagi qaror ularning majlislarida qabul qilinadi.
  • Qonunchilik palatasining deputati faqat bir fraktsiya yoki deputatlar guruhining a’zosi bo‘lishi mumkin.
  • Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan va Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat shu partiya fraktsiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin.                
  • Deputatlar birlashmalarining tashkil etilishi va faoliyati tartibi Qonunchilik palatasi Reglamentida belgilanadi.
  • Qonunchilik palatasining kamida to‘qqiz nafar deputati fraktsiya yoki deputatlar guruhini tuzish huquqiga ega.
  • Fraktsiyalar va deputatlar guruhlari ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Qonunchilik palatasining majlisida fraktsiya va deputatlar guruhining rahbari yoki boshqa vakili tegishincha fraktsiya yoki deputatlar guruhi tuzilgani haqida palataga axborot beradi, bu Qonunchilik palatasi majlisining bayonnomasida qayd etiladi.

Qonunchilik palatasi fraktsiya va deputatlar guruhi tuzilgani to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

Fraktsiya va deputatlar guruhi
  1. Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni ko‘rib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar hamda fikr-mulohazalar kiritadi;
  2. Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan har bir masala yuzasidan muzokaralarda fraktsiya, deputatlar guruhi vakiliga kafolatlangan tarzda so‘z berilishi huquqidan foydalanadi;
  3. kelishuv komissiyasi va boshqa komissiyalar tuzish to‘g‘risida masala qo‘yadi;
  4. Qonunchilik palatasi majlisida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning tasarrufiga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan murojaat etadi;
  5. Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan fraktsiyaning, deputatlar guruhining fikrini Qonunchilik palatasi deputatlari o‘rtasida tarqatadi;
  6. palataning Kengashi, qo‘mitalari va komissiyalari ishida ishtirok etadi;
  7. Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari va boshqa qarorlarning loyihalari yuzasidan o‘z takliflarini kiritadi;
  8. hukumat a’zolarini ularning faoliyati masalalari yuzasidan eshitish to‘g‘risida masala qo‘yadi;
  9. fraktsiyaning, deputatlar guruhining faoliyati uchun zarur materiallar va hujjatlarni davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslaridan talab qilib oladi;
  10. qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

  • Qonunchilik palatasida ko‘pchilik o‘rinni egallagan fraktsiya parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi.
  • O‘z dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta fraktsiyalar va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar ham parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin.
  • Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan fraktsiyalar, shuningdek saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar o‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.
  • Fraktsiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qo‘ymaydi.

O‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan fraktsiya qonunda fraktsiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega
  • Qonunchilik palatasi mas’ul qo‘mitasining tegishli masala bo‘yicha ma’ruzasi bilan bir vaqtda qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;
  • muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘zining alohida fikrini Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
  • Senat tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasida o‘z vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
  • Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.

Chat