Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4830 marta o'qildi

Hukumat qarori (300-son, 02.06.2022-y.) bilan “Yangi O‘zbekiston” universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, davlat granti “Yangi O‘zbekiston” universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan talabgorlar uchun ajratiladi.

Davlat granti quyidagilarga taqdim etiladi:

  • xalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
  • Agentlik tizimidagi ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
  • Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g‘oliblariga;
  • Universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan O‘zbekiston fuqarolariga;
  • Universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalar farzandlariga.

Davlat grantini olgan talabalar Universitetni tamomlagach Prezident ta’lim muassasalari agentligi yo‘llanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi bo‘yicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi.

Shuningdek qaror bilan, O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi belgilandi.

Bunda Prezident maktablari bitiruvchilariga to‘lov-kontrakt summasining BHMning 100 baravarigacha qismi qoplab beriladi.

  • Talabgorlar o‘quv yilining 15-dekabrigacha Agentlikka ariza bilan murojaat qiladi (o‘qishga qabul qilinganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma va to‘lov-kontrakt shartnomasi ilova qilinadi).
  • Subsidiya olgan talabalar Universitetni tamomlagach Agentlik yo‘llanmasiga asosan egallagan mutaxassisligi bo‘yicha respublikadagi tashkilotlarda 5 yilgacha ishlab berish majburiyatini oladi.
  • Magistratura yoki doktoranturada o‘qish davom ettirilgan taqdirda, ushbu muddat magistratura yoki doktoranturada o‘qish davri tugagandan so‘ng boshlanadi.
Chat