Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14519 marta o'qildi

Uy-joy bilan ta’minlanadigan shaxslar

O‘ziga biriktirilgan turar joyi bo‘lmagan hamda uy-joyga muhtoj sifatida hisobga olingan etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlanadi.

Shaxsning nomida turar joy mavjudligi uni avtomatik ravishda uy-joyga muhtojlar hisobidan chiqarish uchun asos bo‘lmaydi. Biriktirilgan yoki mulk huquqi asosida tegishli uy-joyda yashash imkoniyati, uning texnik holati va boshqa qonuniy mezonlar o‘rganiladi.

Onlayn-navbatga kiritish

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi bolaning muqobil joylashtirish shaklida bo‘lish yoki o‘quv-tarbiya muassasasida tarbiyalanish muddati tugashidan bir yil oldin uni uy-joyga muhtoj sifatida «onlayn-navbat» axborot tizimiga kiritadi.

Uy-joyga ehtiyoj oldinroq aniqlangan hollarda shaxs navbatga muddatidan avval ham kiritilishi mumkin.

Muhim! O‘z vaqtida onlayn-navbatga kiritilmay qolgan uy-joyga muhtoj shaxs hududiy boshqarmaning xulosasi asosida 23 yoshga to‘lguniga qadar navbatga kiritilishi mumkin.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari navbatdagi shaxslarga oid ma’lumotlarni shakllantiradi, saqlaydi va doimiy yangilab boradi.

Uy-joy ajratish muddati

Uy-joyga muhtoj shaxs 18 yoshga to‘lganidan keyin uy-joy bilan ta’minlanadi.

Agar 18 yoshga to‘lgan shaxs o‘quv-tarbiya muassasasini hali tamomlamagan bo‘lsa, unga muassasani tugatgan yilda uy-joy ajratiladi.

Uy-joy navbat, hududdagi ehtiyoj va qonunchilikda belgilangan tartib asosida ajratiladi.

Uy-joyning maydoni va turi

Uy-joyga muhtoj shaxsga:

  • umumiy maydoni 25–50 kvadrat metr bo‘lgan kvartira;
  • mazkur toifadagi uy-joyga muhtoj ikki shaxs o‘rtasida nikoh tuzilganda 50–70 kvadrat metr bo‘lgan kvartira;
  • yoki tegishli kvartira narxidan qimmat bo‘lmagan yakka tartibdagi turar joy ajratiladi.

Uy-joy ta’mirlangan, jihozlangan, sanitariya va texnik talablarga javob beradigan hamda yashash uchun zarur sharoitlarga ega holda topshirilishi kerak.

Nogironligi bo‘lgan shaxsga kvartira ajratishda uning harakatlanish imkoniyati va uydan to‘siqsiz foydalanishi hisobga olinadi.

Uy-joy ajratishdagi taqiqlar

Uy-joy bilan ta’minlash jarayonida:

  • ikki va undan ortiq shaxsga bitta kvartira ajratishga, ular o‘rtasida nikoh tuzilgan hollar bundan mustasno;
  • etim bolalar uchun alohida ko‘p qavatli uy qurib, ularning barchasini bir joyga joylashtirishga;
  • yotoqxonadan uy-joy ajratish yoki xarid qilishga;
  • yashashga yaroqsiz yoki belgilangan talablarga javob bermaydigan uy-joyni topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Uy-joyni rasmiylashtirish

Ajratilgan uy-joy shaxs nomiga mulk huquqi asosida rasmiylashtiriladi.

Uy-joyni olgan shaxs 30 yoshga to‘lguniga qadar uni:

  • sotish;
  • hadya qilish;
  • garovga qo‘yish;
  • ijaraga berish;
  • boshqacha tarzda begonalashtirish huquqi cheklanadi.

Qonunchilikda nazarda tutilgan alohida hollarda uy-joy maydonini kengaytirish maqsadida tegishli tuman yoki shahar komissiyasining ruxsati bilan uy-joyni sotishga yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Uy-joyni oluvchi shaxs uni saqlashi, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashi va turar joydan belgilangan maqsadda foydalanishi shart.

Uy-joy yoki ijara to‘lovini tanlash

2026-yil 1 yanvardan turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan shaxs o‘z tanloviga ko‘ra:

  • mulk huquqi asosida uy-joy olishi;
  • yoki o‘qiyotgan yoxud rasmiy ishlayotgan hududida ijaraga olgan uy-joyi uchun ijara to‘lovi to‘lab berilishini tanlashi mumkin.

Ijara to‘lovlari Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 yilgacha, biroq shaxs 30 yoshga to‘lguniga qadar to‘lanadi.

Mazkur tartib bo‘yicha ijara to‘lovini olishni tanlagan shaxsga keyinchalik ushbu dastur doirasida mulk huquqi asosida uy-joy ajratilmaydi.

Shu sababli mulk huquqi asosida uy-joy olish yoki ijara to‘lovini tanlashdan oldin har ikki variantning huquqiy oqibatlari tushuntirilishi kerak.

Ijara to‘lovi uchun murojaat qilish

Ijara to‘lovi uchun uy-joyga muhtoj shaxs:

  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga bevosita;
  • yoki «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimidagi «Uy-joy ijarasi» axborot moduli orqali murojaat qiladi.

«Inson» markaziga bevosita murojaat qilinganda markaz xodimi shaxs nomidan «Uy-joy ijarasi» modulida elektron ariza shakllantiradi.

Ijara to‘lovini olish shartlari

Ijara to‘lovi quyidagi shartlar bir vaqtda bajarilganda to‘lanadi:

  • shaxsga mazkur tartib asosida mulk huquqi bilan uy-joy ajratilmagan bo‘lsa;
  • ijara shartnomasi soliq organlarida hisobga qo‘yilgan bo‘lsa;
  • ijaraga olingan uy-joy shaxs rasmiy ishlayotgan yoki o‘qiyotgan hududda joylashgan bo‘lsa;
  • talaba yotoqxona bilan ta’minlanmagan va boshqa tartibda ijara kompensatsiyasi olmayotgan bo‘lsa;
  • ishlayotgan shaxsning mehnat shartnomasi tegishli axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa.

Ijara shartnomasida ko‘rsatilgan to‘lov har oy ijaraga beruvchining bank kartasi yoki bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Ijara uyida yashash monitoringi

Ijaraga olingan uy-joyda shaxsning haqiqatda yashayotganligi:

  • ijaraning birinchi yilida har uch oyda;
  • ikkinchi yildan boshlab har olti oyda kamida bir marta mahalladagi ijtimoiy xodim tomonidan o‘rganiladi.

Shaxs ijara uyida haqiqatda yashamasa, qonunda nazarda tutilgan uzrli holatlardan tashqari, ijara to‘lovi to‘xtatiladi.

Ijara to‘lovining tugatilishi

Ijara to‘lovi:

  • shaxs 30 yoshga to‘lganda;
  • 10 yilgacha bo‘lgan to‘lov muddati tugaganda;
  • shaxs vafot etganda, sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan deb topilganda tugatiladi.

Uy-joy berilgandan keyingi ko‘mak

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi uy-joy berilganidan keyingi dastlabki uch yil davomida shaxsning ijtimoiy moslashuvini yilda kamida ikki marta xonadonga tashrif buyurish orqali o‘rganadi.

Agar uy-joydan foydalanish, kommunal to‘lovlar, bandlik yoki ijtimoiy hayotga moslashishda qiyinchiliklar aniqlansa, «Inson» markazi va mahalla faollari tomonidan ijtimoiy-psixologik yordam ko‘rsatiladi.

Material Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 25-oktabrdagi 656-son qarori asosida tayyorlandi.

Chat