Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18175 marta o'qildi

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.

  • Uy-joyni ijaraga oluvchi o‘zi bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning roziligi bilan ijaraga beruvchini 3 oy avval yozma ravishda ogohlantirib, istalgan vaqtda ijara shartnomasini bekor qilishga haqli.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi ijaraga beruvchining talabiga binoan sud tartibida bekor bo‘lishi mumkin
  1. agar shartnomada uzoqroq muddat belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi tomonidan uy-joy uchun olti oy mobaynida, qisqa muddatli ijarada esa shartnomada belgilangan haq to‘lash muddati o‘tganidan keyin ikki martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;
  2. ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar tomonidan uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur etkazilsa;
  3. uy-joydan g‘ayrihuquqiy qilmishlarni sodir etish uchun foydalanilgan bo‘lsa, ijaraga beruvchining talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi istalgan tarafning talabiga binoan sud tartibida bekor bo‘lishi mumkin
  1. agar uy-joy doimiy yashash uchun yaroqli bo‘lmay qolsa, shuningdek avariya holatiga kelib qolsa;
  2. uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda shartnomadagi istalgan tarafning talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.

Agar uy-joyni ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmasalar yoxud muntazam ravishda qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsalar, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarliklarga barham berish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirishi mumkin.

  • Agar ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar ogohlantirish olganlardan keyin ham uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmaslikni yoki qo‘shnilarning huquq va manfaatlarini buzishni davom ettirsalar, ijaraga beruvchi uy-joyni ijaraga berish shartnomasini sud tartibida bekor qilishga haqli.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lgan qoidabuzarliklarga barham berish tartibi va muddatlari qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

  • Belgilangan tartibga ko‘ra ijara shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.
  • Ijara shartnomasini ijaraga beruvchining talabi bilan bekor qilish muayyan asoslarga ko‘ra faqat sud tartibida amalga oshiriladi.
Chat