Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 28582 marta o'qildi

Markazlar qanday maqomga ega?

Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazi — mahallada xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish va sog‘lomlashtirish xizmatlarini tashkil etish uchun barpo etiladigan markaz.

Markazlar har bir mahallada tashkil etiladi va yuridik shaxs hisoblanmaydi. Markaz binolari tikuvchilik, qandolatchilik, fitnes, sheyping va kasbga o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 5 yilga ijaraga berilishi mumkin.

Markazlarda qanday faoliyat tashkil etiladi?

Markazlarda:

  • xotin-qizlarni doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash;
  • tikuvchilik, qandolatchilik, pazandachilik va hunarmandchilikka o‘qitish;
  • mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarni o‘rgatish;
  • fitnes va sheyping mashg‘ulotlarini tashkil etish;
  • sog‘lom turmush tarzi va tibbiy madaniyatni targ‘ib qilish;
  • xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘maklashish yo‘nalishlarida loyihalar amalga oshirilishi mumkin.

Qaysi xotin-qizlarga ustuvor e’tibor beriladi?

Loyihalarda, jumladan:

  • Ijtimoiy reestr yoki «Ayollar daftari»ga kiritilgan;
  • ishsiz, ayniqsa qishloq joylarda bola tarbiyalayotgan;
  • xorijiy mehnat migratsiyasidan qaytgan;
  • mehnatga layoqatli, nogironligi bo‘lgan ishsiz;
  • norasmiy mehnat bilan shug‘ullanayotgan;
  • odam savdosi, tazyiq yoki zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan;
  • maktab yoki professional ta’limni tugatib, ishsiz qolgan;
  • jazoni ijro etish muassasasidan qaytgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Davlat granti kimga va qancha miqdorda beriladi?

Davlat granti — ijtimoiy loyihani amalga oshirish uchun tadbirkorlik sub’ektiga qaytarib berilmaydigan asosda ajratiladigan mablag‘.

Bitta loyiha doirasida 20 nafargacha xotin-qizning doimiy bandligi ta’minlanishi mumkin. Bandligi ta’minlanadigan har bir ishsiz xotin-qiz uchun tadbirkorlik sub’ektiga 3 million so‘mdan oshmagan miqdorda grant ajratiladi.

Grant xotin-qizga bevosita naqd pul shaklida berilmaydi. U ish o‘rni yaratayotgan tadbirkorning loyihasiga ajratiladi.

Grant mablag‘i nimaga ishlatiladi?

Grant:

  • tikuvchilik va qandolatchilik uskunalari;
  • pazandachilik va hunarmandchilik jihozlari;
  • ishlab chiqarish dastgohlari;
  • fitnes va sog‘lomlashtirish anjomlari;
  • loyihada nazarda tutilgan boshqa zarur jihozlarni xarid qilishga yo‘naltiriladi. Mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi nazorat qilinadi va tadbirkor har chorakda hisobot taqdim etadi.

Grant olish uchun qanday hujjatlar beriladi?

Tadbirkor mahalla fuqarolar yig‘ini orqali:

  • ijtimoiy loyiha va biznes-rejani;
  • faoliyat yo‘nalishi va yaratiladigan ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotni;
  • so‘ralayotgan grant miqdori va xarid qilinadigan jihozlar ro‘yxatini;
  • davlat ro‘yxatidan o‘tganlik guvohnomasini;
  • markaz binosi bo‘yicha ijara shartnomasi nusxasini tuman yoki shahar ishchi guruhiga taqdim etadi.

Loyiha qanday ko‘rib chiqiladi?

Mahalla taqdim etilgan hujjatlarni 3 kun ichida ishchi guruhga yuboradi. Ishchi guruh loyihani 5 kun ichida o‘rganadi, hududiy darajadagi takliflar esa 2 kun ichida umumlashtiriladi.

Loyihalar respublika komissiyasi tomonidan har chorakda ko‘rib chiqiladi. Grant ajratish haqida qaror qabul qilingach, mablag‘ loyihadagi jihozlarni xarid qilish uchun tadbirkorning hisobvarag‘iga 15 ish kuni ichida o‘tkaziladi.

Ish izlayotgan xotin-qiz qaerga murojaat qiladi?

Markazdagi loyihalarga ishga joylashish yoki kasbga o‘qish masalasida mahalladagi xotin-qizlar faoliga yoki markazda faoliyat yuritayotgan tadbirkorga murojaat qilish mumkin.

Grant yoki loyihani ko‘rib chiqish jarayonida nizo kelib chiqsa, u qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

Chat