Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 28794 marta o'qildi

Daraxtni kesishdan oldin uni saqlab qolish imkoniyati ko‘rib chiqiladimi?

Ha. Daraxt yoki butani kesish masalasi ko‘rib chiqilganda, avvalo uni saqlab qolish, shu jumladan boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish imkoniyati baholanadi. Ko‘chirish imkoni bo‘lmagan taqdirdagina belgilangan holatlarda kesishga ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.

Qimmatbaho navlardagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesishga nisbatan belgilangan moratoriy amal qiladi. Ularni kesish faqat qonunchilikda nazarda tutilgan istisno holatlarda mumkin.

Kesish va ko‘chirib o‘tkazish uchun ruxsatnoma kerakmi?

Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish va qonunchilikda belgilangan hollarda ko‘chirib o‘tkazish uchun ruxsatnoma olinadi. Ruxsat berish jarayonlari «Litsenziya» axborot tizimi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Daraxt va butalarning shoxlarini sanitariya maqsadida kesish yoki butash uchun ruxsatnoma talab etilmaydi. Qurigan yoki kasallangan daraxtni tanasi yoki tag qismidan sanitariya maqsadida kesish esa shoxlarni oddiy butashdan farq qiladi va belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

Sanitariya ishlari qachon amalga oshiriladi?

Daraxt va butalarni sanitariya maqsadida kesish, shakl berish hamda ruxsat etilgan o‘lchamdagilarini ko‘chirib o‘tkazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuzda — vegetatsiya davri tugaganidan boshlab bahordagi 1 aprelga qadar amalga oshiriladi.

Daraxt kesilsa, o‘rniga qancha ko‘chat ekiladi?

Ruxsatnoma asosida kesilgan har bir daraxt va buta uchun kamida 10 tup yirik o‘lchamli, qimmatliligi jihatidan kesilgan o‘simlikdan kam bo‘lmagan ko‘chat ekiladi.

Bunda daraxt ko‘chati 5 yillik, buta ko‘chati 3 yillik bo‘lishi va ular kamida 2 yil parvarish qilinishi kerak. Ruxsatnoma asosida ko‘chirib o‘tkazilgan har bir daraxt va buta esa 3 yil davomida parvarish qilinadi.

Ruxsatnoma uchun to‘lov qilingani kompensatsiyaviy ko‘chat ekish va ularni parvarish qilish majburiyatidan ozod etmaydi.

Eslatma: daraxtni mustaqil ravishda kesish yoki ko‘chirishdan oldin uning ruxsatnoma talab qilinadigan toifaga kirish-kirmasligini aniqlash zarur. Ruxsatnomasiz kesish yoki ko‘chirish jarima va etkazilgan ekologik zararni qoplash majburiyatiga olib kelishi mumkin.

Шаблон ва шакллар намуналари

Chat