Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11911 marta o'qildi

Ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish

Ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq shartnomalarni notarial tasdiqlash uchun davlat boji:

  • ko‘chmas mulk Toshkent, Nukus shaharlarida yoki viloyat markazida joylashgan bo‘lsa — BHMning 1 baravari;
  • boshqa aholi punktlarida joylashgan bo‘lsa — BHMning 50 foizi miqdorida undiriladi.

Mol-mulk mulkdorning eri yoki xotiniga, ularning ota-onasi, bolalari va ularning eri yoki xotini, nabiralari, buvi-buvalari, aka-ukasi yoki opa-singlisiga o‘tkazilganda tegishli stavkaning 50 foizi undiriladi.

Muhim! Yaqin qarindoshlar uchun imtiyoz alohida BHMning 10 foizi emas, balki ko‘chmas mulk joylashgan hudud uchun belgilangan stavkaning 50 foizi hisoblanadi.

Mol-mulk ijarasi va tekin foydalanish

Mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlash yoki unga o‘zgartish kiritish uchun:

  • yuqorida ko‘rsatilgan yaqin qarindoshlar o‘rtasida — BHMning 10 foizi;
  • boshqa jismoniy shaxslar uchun — BHMning 25 foizi;
  • yuridik shaxslar uchun yoki taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa — BHMning 50 foizi undiriladi.

Ijara shartnomasini bekor qilish uchun tegishli stavkaning 50 foizi undiriladi.

Mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomasini tasdiqlash uchun, avtomototransport vositalariga oid maxsus holatlardan tashqari, BHMning 25 foizi to‘lanadi.

Garov, ipoteka va lizing

Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini tasdiqlash uchun:

  • jismoniy shaxslardan — BHMning 1 baravari;
  • yuridik shaxslardan yoki taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa — BHMning 2 baravari undiriladi.

Ushbu shartnomalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish uchun belgilangan stavkaning 50 foizi to‘lanadi.

Qarz va kafillik shartnomalari

Qarz shartnomasini notarial tasdiqlash uchun BHMning 25 foizi undiriladi. Uni o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun shu stavkaning 50 foizi to‘lanadi.

Kafillik shartnomasini tasdiqlash, o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun:

  • jismoniy shaxslardan — BHMning 25 foizi;
  • yuridik shaxslardan yoki taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lsa — BHMning 50 foizi undiriladi.

Avtomototransport vositasini o‘tkazish

Avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomasini tasdiqlash uchun:

  • avtomobilь va boshqa avtomototransport vositasi uchun — BHMning 3 baravari;
  • bitta mototransport, motoaravacha yoki motoqayiq uchun — BHMning 25 foizi undiriladi.

Ayirboshlash shartnomasida davlat boji faqat bitta avtomototransport vositasi uchun to‘lanadi.

Imtiyozli stavkalar:

  • transport vositasi belgilangan yaqin qarindoshlarga o‘tkazilganda — asosiy stavkaning 5 foizi;
  • bank krediti hisobiga sotib olinganda — asosiy stavkaning 10 foizi.

Yo‘l-transport hodisasida shikastlangan transport vositasi bo‘yicha davlat boji uning yaroqliligining qoldiq foizi hisobga olingan holda belgilanadi.

Transport vositasiga ishonchnoma

Avtomototransport vositasini boshqarish va tasarruf qilishga oid ishonchnomalarni hamda undan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlash uchun:

  • belgilangan yaqin qarindoshlarga — BHMning 50 foizi;
  • boshqa shaxslarga — BHMning 2 baravari undiriladi.

Qo‘shimcha to‘lovlar

Ko‘rsatilgan summalar davlat boji hisoblanadi. Notarius tomonidan huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar bajarilganda, ular uchun alohida haq ham undirilishi mumkin.

Muhim! To‘lov amalga oshirilayotgan kundagi amaldagi BHM miqdori asosida hisoblanadi.

Chat