Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8869 marta o'qildi

Bojxona maqsadlari nmalardan iborat? 

Bojxona maqsadlari quyidagilardan iborat:

  • bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarini olib o‘tish, tovarlarni tashish, saqlash va qayta ishlashda bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash;
  • bojxona to‘lovlari o‘z vaqtida va to‘g‘ri to‘lanishini ta’minlash;
  • iqtisodiy siyosat choralariga, bojxona rejimlarining talablari va shartlariga rioya etilishini ta’minlash;
  • bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hollariga chek qo‘yish va ularning oldini olish.

Bojxona to‘lovlari turlari qanday?

Tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda va boshqa hollarda bojxona to‘lovlari to‘lanadi.

Bojxona to‘lovlari turlari:

  • bojxona boji;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i;
  • aktsiz solig‘i;
  • bojxona yig‘imlari.

Qonun hujjatlarida boshqa bojxona to‘lovlari ham belgilanishi mumkin.

Bojxona bojlarining va soliqlarning stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi

O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan jismoniy shaxslar uchun bojxona qoidalari qanday?

Agar Siz O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan bo‘lsangiz, shuni yodda tuting-ki, jismoniy shaxslarga umumiy qiymati 5 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqishga ruxsat etiladi.

Ammo, ayrim turdagi tovarlarni olib chiqishning cheklangan me’yorlari mavjud.  Jumladan, guruch – 3 kg.gacha, non mahsulotlari – 5 kg.gacha, go‘sht va go‘sht mahsulotlari, shakar va o‘simlik yog‘i – 2 kg.gacha, shuningdek yangi meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalardan 40 kg.gacha olib chiqish mumkin.

Unutmang! Giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar va prekursorlar, ozonni buzuvchi moddalar va tarkibida ular mavjud bo‘lgan mahsulotlar, madaniy boyliklar, o‘qotar qurol va patronlar, yovvoyi o‘simliklar, ularning qismlari, mevalari, urug‘lari va botanika kollektsiyalari, yovvoyi hayvonlar, ularning qismlari, zoologiya kollektsiyalari, hayot faoliyati mahsulotlari, o‘ljalar, tulumlari, ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarini olib chiqishda vakolatli organlarning tegishli ruxsatnomalari talab etiladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish cheklovlarsiz amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish yuz million so‘m ekvivalentdan ortiq bo‘lmagan summada amalga oshiriladi. Naqd valyutani belgilangan ekvivalentdan ortiq summada olib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining naqd valyutasini va chet el naqd valyutasini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish hamda O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taqiqlanadi, bundan O‘zbekiston Respublikasi banklari mustasno.

Agar Siz bojxona qoidalari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasangiz, u holda chegara-bojxona postida xizmat olib borayotgan bojxona xodimlariga murojaat qilishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan jismoniy shaxslar uchun bojxona qoidalari qanday?

Agar Siz O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan bo‘lsangiz, quyidagi bojxona qoidalarini albatta yodda tuting!

Agar Siz respublikamizga xalqaro aeroportlar orqali kirib kelayotgan bo‘lsangiz, 2000 AQSh dollari, temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali kirib kelayotgan bo‘lsangiz 1000 AQSh dollari hamda avtomobilda yoki piyoda ravishda kirib kelayotgan bo‘lsangiz, 300 AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi tovarlarni bojsiz olib kirishingiz mumkin!  

Bunda ularni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatish talab etilmaydi.

Ammo, ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan me’yorlari mavjud. Xususan, O‘zbekiston Respublikasiga alkogolь mahsulotlari, shu jumladan pivo – 2 litrgacha, barcha turdagi tamaki mahsulotlari – 10 qutigacha, atir va atirsimon suyuqliklar – 3 donagacha, qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha olib kirish mumkin.

Jismoniy shaxslar tomonidan avtotransport vositalarni olib o‘tish tartibi qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 62-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan olib kiriladigan avtotransport vositalarini (bundan xalqaro yuk tashishni amalga oshirish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar mustasno) vaqtincha olib kirishga ruxsat etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari bojxona hududidan tashqarida o‘zlariga notijorat maqsadlarda transport vositalarini xorijiy davlatda vaqtincha bo‘lish muddatiga vaqtincha olib chiqishga haqli.

Jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan avtotransport vositalarning bojxona rasmiylashtiruvi faoliyat hududida joylashgan TIF bojxona postida amalga oshiriladi.

Avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida davlat bojxona xizmati organlariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20 iyuldagi “Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 197-sonli qaroriga asosan hujjatlar taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22 dekabrdagi PQ-1245-sonli qaroriga asosan yangi import avtomobillari bilan chakana savdo faqat yuridik shaxslar - ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan xorijiy avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvida o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 19-noyabrda 2156-son bilan ro‘yxatga olingan “Bojxona chegarasidan olib o‘tilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 159-moddasiga muvofiq chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirilgan transport vositasining bojxona hududida turishining umumiy muddati kalendarь yil mobaynida jami to‘qson kalendarь kundan oshmasligi lozim.

Bunda transport vositasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yig‘imni to‘lagan holda yuqorida ko‘rsatilgan muddatdan ortiqroq muddatga vaqtincha olib kirishga yo‘l qo‘yiladi.

Yig‘im undirilguniga qadar transport vositasi bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlanishi lozim.

Mazkur yig‘im quyidagi hollarda to‘lanmaydi:

  • bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun;
  •  agar vaqtincha olib kirilgan transport vositasi xatlangan, musodara qilingan, avariya yoki engib bo‘lmas kuch ta’siri oqibatida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa.

Chat