Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10960 marta o'qildi

Takroriy ovoz berish va takroriy saylovning farqi nimada?

Takroriy ovoz berish — asosiy saylovda g‘olib aniqlanmagan holda eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar o‘rtasida yana ovoz berish.

Takroriy saylov — saylov o‘tmagan, haqiqiy emas deb topilgan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa holat yuz berganida saylovni qayta tashkil etish.

Bu ikki tartib bir-biridan farq qiladi va ularni aralashtirmaslik kerak.

Misol: Prezidentlikka 3 nafar nomzod qatnashdi, lekin hech kim yarmidan ko‘p ovoz olmadi

Agar Prezident saylovida 2 nafardan ortiq nomzod ishtirok etsa va ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘p ovozini olmasa, eng ko‘p ovoz olgan 2 nafar nomzod o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.

Markaziy saylov komissiyasi takroriy ovoz berishni asosiy saylovdan keyin 1 oy ichida, lekin saylov kunidan kamida 15 kun keyin o‘tkaziladigan qilib tayinlaydi.

Takroriy ovoz berishda ikkinchi nomzodga nisbatan ko‘proq ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Bunda saylovchilarning ishtirok etish foizi hisobga olinmaydi.

Misol: Prezident saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topildi

Agar Prezident saylovi:

  • o‘tmagan deb topilsa;
  • haqiqiy emas deb topilsa;
  • saylovda faqat bitta nomzod qatnashib, u zarur miqdorda ovoz to‘play olmasa, Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov tayinlaydi.

Takroriy Prezident saylovi asosiy saylov uchun belgilangan tartib va shartlarga rioya etgan holda o‘tkaziladi va asosiy saylovdan keyin 70 kun ichida o‘tkazilishi kerak.

Misol: deputatlikka ikki nomzod bir xil ovoz oldi

Qonunchilik palatasi yoki mahalliy Kengash deputatligiga saylovda nomzodlar eng ko‘p va teng miqdorda ovoz olsa, takroriy saylov o‘tkaziladi.

Takroriy saylov saylov o‘tmagan yoki tegishli saylov okrugi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilgan hollarda ham o‘tkaziladi.

Deputatlarning takroriy saylovi tegishli saylov komissiyasining topshirig‘iga binoan vakolatli saylov komissiyalari tomonidan tashkil etiladi. U asosiy saylov uchun tuzilgan saylov uchastkalari va saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalangan holda o‘tkaziladi.

Deputatlarning takroriy saylovi asosiy saylovdan keyin kechi bilan 1 oy ichida o‘tkaziladi.

Eslatma: Prezident saylovida takroriy ovoz berish va takroriy saylov boshqa-boshqa huquqiy holatlardir. Birinchisida asosiy saylov natijasi bo‘yicha eng kuchli nomzodlar o‘rtasida yana ovoz beriladi, ikkinchisida esa saylov qayta tashkil etiladi.

Chat