Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12723 marta o'qildi

Men 2-guruh nogironiman, bilamanki, ish beruvchilar ish joylarining belgilangan eng kam soni hisobiga mahalliy mehnat organi tomonidan yuborilgan nogironlarni ishga olishlari shart. Davlat tomonidan mehnat sohasida nogironlarga nisbatan yana qanday imtiyozlar belgilangan?

Eng avvalo, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining to‘liq bo‘lmagan ish vaqti, ish yukini kamaytirish va nogironlarning boshqa mehnat sharoitlari bo‘yicha tavsiyalari ish beruvchi uchun majburiydir.

1 va 2 guruh nogironlari uchun ish haqini kamaytirmasdan haftasiga 36 soatdan ko‘p bo‘lmagan qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi.

1 va 2 guruh nogironlariga yillik uzaytirilgan asosiy ta’til kamida 30 kalendar kuni beriladi.

Nogironlarni tungi vaqtda ishlashga, shuningdek ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlarida ishlashga jalb etishga faqat ularning roziligi bilan, agar bunday ishlar tibbiy tavsiyalar bilan taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.

Men yaqinda uy sotib oldim, nogironligim bor, mulk solig‘ini to‘laymanmi?

Yo‘q, mulk solig‘i to‘lamaysiz, sababi urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi.

Mening bir tanishim sodir etgan jinoyati uchun koloniyada jazo o‘tayapti, gap shundaki, u nogiron, shu bois menda savol bor: uni koloniyada ishlashga (majburiy mehnatga) majbur qilishadimi?

Yo‘q, qonunchilik bilan belgilab qo‘yilganki, oltmish yoshdan oshgan erkaklar, ellik besh yoshdan oshgan ayollar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnatga o‘z xohishlariga ko‘ra jalb etiladilar.

Men oliy o‘quv yurtiga kirmoqchiman, birinchi guruh nogironiman, nogironlar uchun ta’lim imtiyozlari haqida ko‘proq bilishni xohlardim?

Professional ta’lim olish uchun maxsus shart-sharoitlarga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun turli tipdagi va xildagi ixtisoslashtirilgan professional ta’lim muassasalari tashkil etiladi. Ularda o‘qitish maxsus o‘quv dasturlari asosida davlat ta’lim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida abiturientlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmagan abiturientlar to‘plagan ballari bilan ta’limning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda umumiy asoslarda ishtirok etadi.

Ko‘zi ojizlar toifasiga kiruvchi sifatida hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ajratilgan kvota doirasida davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini oliy ta’limning mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklariga davlat granti asosida ko‘chirilishiga ruxsat etiladi.


Men nogironlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi haqida eshitgandim, bu jamg‘arma qanday vazifalarni bajaradi va u erga yangi nogironlar aravachasini ajratishda yordam so‘rab murojaat qilsam bo‘ladimi?

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarning ahvolini yaxshilash;
  • tibbiy-ijtimoiy yordam berish va reabilitatsiya sifatini oshirish;
  • protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga va texnologik yangilashga ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.

Jamg‘armaning mablag‘lari qo‘yidagilarga yo‘naltirilgan:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, texnik reabilitatsiya vositalari va kreslo-aravachalar bilan ta’minlashni;
  • tashkilotlarda protez-ortopediya buyumlari va texnik reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik yangilash loyihalarini amalga oshirishni;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, organizmning izdan chiqqan yoki yo‘qolgan funktsiyalarini tiklash va ularni kompensatsiya qilish, hayot faoliyati cheklanganligini bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishni;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga jamiyat hayotida boshqa fuqarolar bilan teng ishtirok etish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yo‘naltirilgan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyatiga ko‘maklashishni;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadlarini moliyalashtirish uchun sarflanadi.

Chat