Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5893 marta o'qildi

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tegishli hududda tadbirkorlik faoliyatini, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida maslahat markazlari tashkil etishga haqli.

Maslahat markazlari yuridik shaxs bo‘lmaydi. Maslahat markazlari faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan qoplanishi mumkin.
Davlat organlari maslahat markazlari faoliyatini tashkil etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga ko‘maklashadi, maslahat markazlari o‘z vazifalarini amalga oshirishi uchun fuqarolar yig‘inlariga belgilangan tartibda binolar beradi. Tegishli hududda joylashgan ta’lim muassasalari fuqarolar yig‘ini so‘roviga binoan maslahat markazlariga qisqa muddatli kurslarni o‘tkazish uchun o‘quv jarayonlaridan bo‘sh bo‘lgan o‘quv xonalarini berib turishi mumkin.

Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar vakillari, shuningdek fuqarolar maslahat markazlarining ishida qatnashishi, xususan, qisqa muddatli kurslarda ta’lim berishi, tegishli hududda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatlar berishi mumkin.

Maslahat markazlari:
  • tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilmoqchi bo‘lgan, tegishli hududda yashovchi fuqarolarni iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, tadbirkorlik faoliyati to‘g‘risidagi va soliq to‘g‘risidagi qonunchilik asoslarini o‘rgatish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etadi, shuningdek ularga tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va preferentsiyalar haqida ma’lumot beradi;
  • bandlikka ko‘maklashish markazlari bilan birgalikda yoshlarning tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ishga joylashishiga, ularning ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, shuningdek hunarmandlarga biriktirilishiga ko‘maklashadi;
  • tegishli hududda yashovchi fuqarolarga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda, shu jumladan tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashadi;
  • tegishli hududdagi tadbirkorlik faoliyati sub’ektlariga, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyati sub’ektlariga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar, preferentsiyalardan foydalanishda, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida kredit olish uchun tegishli hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashadi.

  • Maslahat markazlari qonunchilikka muvofiq boshqa faoliyatni ham amalga oshirishi mumkin.
  • Maslahat markazi to‘g‘risidagi nizom fuqarolar yig‘ini tomonidan tasdiqlanadi.
Chat