Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11535 marta o'qildi

«Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyili qanday ishlaydi?

Har bir mahallada yoshlar katta hayotiy tajribaga ega, zamonaviy fikrlaydigan faol nuroniylarga «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyili asosida biriktiriladi.

Mahalladagi yoshlar etakchisi «Keksalar maslahati» guruhi bilan birgalikda shakllantirgan ro‘yxat asosida 10 nafar uyushmagan va muammoli yosh bir nafar faol nuroniyga biriktiriladi.

Boy hayotiy tajribaga ega ziyoli, hunarmand, tadbirkor, fermer va boshqa soha vakillari bo‘lgan nuroniylar ta’lim muassasalariga ham biriktirilishi mumkin. Bu ishlarning asosiy maqsadi keksa avlodning tajribasini yoshlarga etkazish va ularning tarbiyasiga ko‘maklashishdan iborat.

Muammoli oilalarga nuroniylar qanday biriktiriladi?

«Nuroniy har bir oilaga mas’ul» loyihasi doirasida oilada ahillik, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida har bir muammoli oilaga «Keksalar maslahati» guruhining bir nafar a’zosi biriktiriladi.

Nuroniylar o‘z hayotiy tajribasi orqali oila a’zolari va yoshlarga maslahat berish, ijtimoiy va ma’naviy muammolarning oldini olish hamda avlodlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashadi.

Faol nuroniylar rag‘batlantiriladimi?

«Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyili va «Nuroniy har bir oilaga mas’ul» loyihasi asosida ishlab, ijobiy natijalarga erishgan nuroniylarni «Nuroniy» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Mahallalarda faoliyat yuritayotgan «Keksalar maslahati» guruhi rahbarlari har chorakda 2 BHM miqdorida rag‘batlantiriladi. Bu to‘lov «Nuroniy» jamg‘armasi va mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.

Eslatma: rag‘batlantirish miqdori qonunda 2 BHM tarzida belgilangan. Shu sabab uni so‘mda doimiy summa sifatida ko‘rsatish to‘g‘ri emas.

Chat