Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 24868 marta o'qildi

Ishga qabul qilishni qonunga xilof ravishda rad etish holatiga qanday chora  ko‘riladi?

Qonunga xilof rad etish holatlari

Ishga qabul qilishda insonning kasbiy va ishchanlik sifatlariga bog‘liq bo‘lmagan sabablar asosida kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Quyidagi holatlar, jumladan, qonunga xilof rad etish hisoblanadi:

  • mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishga yo‘l qo‘yish;
  • ish beruvchining o‘zi ishga taklif qilgan shaxsni asossiz qabul qilmaslik;
  • qonun bo‘yicha ish beruvchi mehnat shartnomasini tuzishi shart bo‘lgan shaxsni qabul qilmaslik;
  • homiladorligi yoki farzandi borligi sababli ishga olmaslik;
  • qonunchilikda belgilangan istisnolardan tashqari, shaxsning sudlanganligi, shu jumladan tugallangan yoki olib tashlangan sudlanganligi sababli ishga olmaslik;
  • qarindoshining sudlanganligi sababli ishga qabul qilmaslik.

Ish beruvchi nomzodning aynan shu ishni bajarish uchun zarur malakasi, kasbiy tayyorgarligi va ishchanlik sifatlarini baholashi mumkin. Lekin shaxsning ishchanlik sifatlariga bog‘liq bo‘lmagan kamsituvchi sabablar rad etish uchun asos bo‘la olmaydi.

Rad etish sababini yozma ravishda olish

Ishga qabul qilinmagan shaxs ish beruvchidan rad etish sababini yozma ravishda tushuntirishni talab qilish huquqiga ega.

Bunday talab berilganda, ishga qabul qilish vakolatiga ega mansabdor shaxs imzolagan yozma asos fuqaroga 3 kun ichida taqdim etilishi shart.

Ish beruvchi yozma tushuntirish berishdan bosh tortsa ham, fuqaro ishga qabul qilish qonunga xilof ravishda rad etilganligi ustidan shikoyat qilish huquqini yo‘qotmaydi.

Nima qilish mumkin?

Agar shaxs o‘zini qonunga xilof ravishda ishga qabul qilinmagan deb hisoblasa, rad etish ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.

Jumladan, sudga murojaat qilib:

  • tegishli ishni berishni;
  • etkazilgan moddiy zararni qoplashni;
  • ma’naviy ziyon uchun kompensatsiya undirishni

talab qilish mumkin.

Nizo sudda ko‘rib chiqilganda, ishga qabul qilishni rad etish qonuniy bo‘lganini isbotlash vazifasi fuqaroga emas, ish beruvchining o‘ziga yuklanadi.

Chat