Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 4528 marta o'qildi

Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadirlar. Ularning vakolatlari tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

Manfaatdor tashkilotlar, fuqarolar tashabbuskor guruhlari o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida okrug komissiyalariga referendum o‘tkazilishiga kechi bilan 10 kun qolganida ma’lum qiladilar.

Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi manfaatdor tashkilotdan, fuqarolar tashabbuskor guruhidan ariza olganidan keyin 5 kun ichida mandatni kuzatuvchi uchun beradi. Boshqa davlatlardan va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
  • referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;
  • referendum uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va ovoz berish qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, ovoz berish byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;
  • ovozlarni sanab chiqishda va referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining ovoz berish yakunlari to‘g‘risidagi bayonini tuzishda hozir bo‘lish;
  • ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli referendum o‘tkazuvchi komissiya tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so‘rash va olish;
  • agar referendumda ushbu Qonunning buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida referendum o‘tkazuvchi yuqori komissiyaga ma’lum qilish.

Kuzatuvchilarga quyidagilar man etiladi:
  • ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lish;
  • ovoz beruvchilarga ta’sir o‘tkazish, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatish;
  • ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;
  • referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish chog‘ida aralashish.

Kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan referendum uchastkalariga borishi haqida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasini kamida 3 kun oldin xabardor qilishi kerak.

Chat