Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 6232 marta o'qildi

Ovoz berish maxsus ajratilgan binolarda o‘tkazilib, ularda yashirin ovoz berish uchun etarli miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlangan bo‘lishi, ovoz berish byulletenlari taqdim etiladigan joy aniqlangan va ovoz berish qutilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Ovoz berish qutilari ularning yoniga ovoz beruvchilar albatta yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalaridan o‘tib boradigan qilib joylashtiriladi.

Tuman, shahar hokimligi ovoz berishni tashkil etish uchun har bir uchastkani bino bilan ta’minlaydi.

Ovoz berish referendum kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha o‘tkaziladi. Ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risida uchastka komissiyasi referendum o‘tkaziladigan kunga kamida 10 kun qolganda fuqarolarni xabardor qiladi.

Ovoz berish binosiga kelgach, fuqaro uchastka komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatadi hamda ovoz beruvchi fuqarolar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin unga ovoz berish byulleteni beriladi.

Referendumda ovoz berish byulleteni ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to‘ldiriladi. Ovoz berish byulletenini to‘ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi. Byulletenni mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniga ega bo‘lmagan fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi komissiya tarkibiga kiradigan shaxslardan, kuzatuvchilardan boshqa biron kishini kabina yoki xonaga taklif qilishga haqlidir.

Fuqarolar ovoz berish byulletenida referendumga qo‘yilayotgan masala bo‘yicha o‘zi ovoz berayotgan variant ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «☑️» yoxud «x» belgisini qo‘yadi.

Referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan ovoz beruvchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga va chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish fuqaroning turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi fuqarolarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda fuqarolarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

Chat