Harbiy xizmat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Qurolli Kuchlar safida umumiy harbiy majburiyatni bajarish bilan bog‘liq davlat xizmatining alohida turidir.
Qonunga ko‘ra harbiy xizmatning 4 turi mavjud:
— muddatli harbiy xizmat;
— safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat;
— kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat;
— Qurolli Kuchlarda harbiy xizmatni o‘tagan rezervchilar xizmati.
Bu chaqirilish yoshidagi fuqarolarning Qurolli Kuchlarda qonunchilikda belgilangan muddat davomida majburiy harbiy xizmat o‘tashidir.
Hozir muddatli harbiy xizmat 12 oy davom etadi.
Harbiy xizmatga yaroqli, chaqiruvni kechiktirish yoki undan ozod bo‘lish huquqiga ega bo‘lmagan, ammo navbatdagi muddatda Qurolli Kuchlarga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezerviga olinishi mumkin.
Xizmat hududiy printsip asosida tashkil etiladi va belgilangan harbiy yig‘inlarni o‘tashni nazarda tutadi.
Kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat — fuqaroning davlat bilan tuzilgan kontrakt asosida Qurolli Kuchlarda ixtiyoriy ravishda kasbiy harbiy xizmat o‘tashidir.
Qurolli Kuchlarda tegishli harbiy xizmatni o‘tab, rezervga o‘tkazilgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda rezerv xizmatiga jalb qilinishi mumkin.
Tinchlik davrida muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga:
— 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan;
— salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli;
— erkak fuqarolar chaqiriladi.
Eslatma: muqobil xizmat harbiy xizmatning to‘rt turidan biri emas. U harbiy xizmat o‘rniga qonunda belgilangan hollarda o‘taladigan alohida xizmat shakli hisoblanadi.