Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2506 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir.

Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir.

  • Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.
  • Ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositalaridan qo‘yidagi maqsadlarda foydalanish ta’qiqlanadi:
  • O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat qilish;
  • urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilish;
  • davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatish;
  • agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;
  • pornografiyani targ‘ib etish;
  • qonunga muvofiq jinoiy va o‘zga javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.

Prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz surishtiruv yoki dastlabki tergov materiallarini e’lon qilish, muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini tsenzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. E’lon qilinayotgan xabarlar va materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek ularning matni o‘zgartirilishini yoki butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqi yo‘q.

Chat