Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14112 marta o'qildi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mablag‘lari hisobidan har yili mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga moddiy yordam va sanatoriy yo‘llanmalari beriladi.


Ikki baravar miqdorida bir martalik moddiy yordam

Boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Moddiy yordam mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman yoki shahar hokimi yordamchisining yozma tavsiyanomasi asosida beriladi.

Nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga besh baravar miqdorida yordam

Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning quyidagi ro‘yxatlardan biriga kiritilgan nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga:

  • Ijtimoiy reestrga;
  • «Temir daftar»ga;
  • «Ayollar daftari»ga;
  • «Yoshlar daftari»ga

dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlarni xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Mazkur yordam ham tuman yoki shahar hokimi yordamchisining yozma tavsiyanomasi asosida beriladi.

Bepul sanatoriy yo‘llanmasi

Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi quyidagi oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi:

  • pensiya yoshiga etgan oila a’zolariga;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga.

Mazkur yordam va yo‘llanmalar O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mablag‘lari hisobidan har yili ajratiladi.

Chat