Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8318 marta o'qildi

Avtomobilь benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi uchun oylik pul kompensatsiyasi uni olish huquqiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan, engil avtomobilь, motoaravacha yoki mototsiklga ega bo‘lgan va undan foydalanadigan shaxslarga tayinlanadi.


Kompensatsiya olish huquqiga ega shaxslar

Oylik pul kompensatsiyasi quyidagi toifadagi shaxslarga tayinlanadi:

  • urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • mehnatda mayib bo‘lish yoki kasb kasalligi tufayli I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • I va II guruh bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga.

Kompensatsiya tayinlanishi uchun asosiy shartlar

Kompensatsiya tayinlanishi uchun shaxs:

  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashashi;
  • kompensatsiya olish huquqiga ega toifalardan biriga kirishi;
  • engil avtomobilь, motoaravacha yoki mototsiklga ega bo‘lishi va undan foydalanishi;
  • avtomototransport vositasi belgilangan tartibda davriy davlat texnik ko‘rigidan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Qaerga murojaat qilinadi?

Oylik pul kompensatsiyasini tayinlash uchun shaxs pensiya va nafaqalarni tayinlovchi tegishli organga murojaat qiladi.

Fuqarolarning aksariyati uchun vakolatli organ — yashash joyidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman yoki shahar bo‘limi hisoblanadi.

Harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa maxsus tizimlarda pensiya yoki nafaqa oluvchilar tegishli vazirlik yoki idoraning vakolatli organiga murojaat qiladi.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Kompensatsiya tayinlash uchun quyidagilar taqdim etiladi:

  • ariza;
  • ariza beruvchining biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi;
  • urush qatnashchisi, urush oqibatida nogironligi bo‘lgan shaxs yoki ularga tenglashtirilgan shaxslar uchun — imtiyozga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi.

Quyidagi ma’lumotlar kompensatsiya tayinlovchi organ tomonidan Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlaridan elektron tarzda olinadi:

  • avtomototransport vositasi egasining haydovchilik guvohnomasi haqidagi ma’lumotlar;
  • avtomototransport vositasining texnik pasporti haqidagi ma’lumotlar;
  • avtomototransport vositasining davriy davlat texnik ko‘rigidan o‘tganligi haqidagi ma’lumotlar.

Ushbu ma’lumotlar asosida kompensatsiyani tayinlash yoki rad etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Arizani ko‘rib chiqish muddati

Barcha zarur hujjatlar bilan ariza berilganidan keyin kompensatsiya tayinlash masalasi 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Ijobiy qaror kompensatsiyani tayinlaydigan organning farmoyishi yoki qarori bilan rasmiylashtiriladi.

Kompensatsiya barcha zarur hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda murojaat qilingan kundan boshlab tayinlanadi.

Kompensatsiya miqdori

Oylik pul kompensatsiyasi miqdori har chorakda 20 litr avtomobilь benzini qiymati miqdorida belgilanadi.

Bunda chakana savdoda eng ko‘p tarqalgan benzin markasining hisobot davridan oldingi chorakdagi o‘rtacha sotish narxi inobatga olinadi. Kompensatsiya miqdori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Kompensatsiyani to‘lash tartibi

Kompensatsiya shaxsning yashash joyi bo‘yicha pensiya va nafaqalarni tayinlovchi organ tomonidan:

  • pensiya va nafaqalar uchun belgilangan muddatlarda;
  • alohida qaydnomalar asosida;
  • tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot orqali

har oy to‘lanadi.

Kompensatsiya tayinlashni rad etish asoslari

Quyidagi hollarda kompensatsiya tayinlash rad etilishi mumkin:

  • ariza beruvchi kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar toifasiga kirmasa;
  • foydalanilayotgan transport vositasi engil avtomobilь, motoaravacha yoki mototsikl turiga kirmasa;
  • transport vositasi davriy davlat texnik ko‘rigidan o‘tmagan bo‘lsa;
  • talab qilinadigan hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan bo‘lsa.

Rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganidan keyin 3 ish kuni ichida ariza beruvchiga rad etish sabablari ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi yoki pochta orqali yuboriladi.

Rad etish sabablari bartaraf etilgandan keyin shaxs takroran murojaat qilishi mumkin.

Texnik ko‘rikdan o‘tilmasa

Ichki ishlar vazirligining axborot tizimlarida avtomototransport vositasi davriy davlat texnik ko‘rigidan o‘tganligi haqida ma’lumot mavjud bo‘lmasa, kompensatsiya to‘lash to‘xtatib turiladi.

Texnik ko‘rikdan o‘tilgandan keyin transport vositasi egasining arizasi asosida to‘lov texnik ko‘rikdan o‘tgan kundan boshlab tiklanadi.

Kompensatsiya oluvchi texnik ko‘rikdan o‘tgandan keyin bu haqda kompensatsiya tayinlovchi organni 10 kun ichida xabardor qilishi shart.

Chat