Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 7067 marta o'qildi

Qonunchilikda belgilangan shartlar va me’yorlarga muvofiq davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur ish stajiga ega bo‘lmagan, I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasi tayinlanadi.


Nafaqa olish huquqi shaxsning yoshidan qat’i nazar beriladi.

Nogironlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha vakolatli organ — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining tuman va shaharlardagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari hisoblanadi.

Kimlar nafaqa olish huquqiga ega?

Nogironlik nafaqasi quyidagi shartlarning barchasiga javob beradigan shaxsga tayinlanadi:

  • shaxsga I yoki II guruh nogironligi belgilangan bo‘lishi;
  • shaxs davlat pensiyasini tayinlash uchun qonunchilikda talab qilinadigan zarur ish stajiga ega bo‘lmasligi;
  • nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar «TIEK» axborot tizimida mavjud bo‘lishi.

Nafaqa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, shuningdek O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tayinlanadi.

Qaerga murojaat qilinadi?

Nafaqa olish huquqi paydo bo‘lgan shaxs yoki uning qonuniy vakili:

  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazining ijtimoiy xodimlar guruhiga;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali

murojaat qilishi mumkin.

Murojaat qiluvchi shaxsan murojaat qilganda so‘rovnoma DXM yoki ijtimoiy xodim tomonidan elektron shaklda to‘ldiriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda so‘rovnoma murojaat qiluvchining o‘zi tomonidan to‘ldiriladi.

Qanday hujjatlar talab qilinadi?

Nafaqa tayinlash uchun zarur ma’lumotlar davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan elektron tarzda olinadi.

Jumladan:

  • shaxsga nogironlik belgilanganligi haqidagi ma’lumotlar — «TIEK» axborot tizimidan;
  • qonuniy vakilning homiy yoki vasiy ekanligi haqidagi ma’lumotlar — tegishli elektron axborot tizimidan;
  • shaxsga doir boshqa zarur ma’lumotlar — idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadi.

Qonunchilikda nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Arizani ko‘rib chiqish tartibi

So‘rovnoma «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimiga yuboriladi.

Axborot tizimi:

  • murojaat qiluvchining I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs ekanligini;
  • qonuniy vakil murojaat qilgan bo‘lsa, uning tegishli vakolatini;
  • nafaqa olish huquqi mavjudligini

elektron ma’lumotlar asosida avtomatik tekshiradi.

Tekshirish natijasiga ko‘ra nafaqa tayinlash yoki uni tayinlashni rad etish to‘g‘risida avtomatik qaror qabul qilinadi. Qaror haqida murojaat qiluvchiga elektron tarzda yoki SMS-xabar orqali ma’lum qilinadi.

So‘rovnomada xato bo‘lsa

Agar so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, kamchiliklarni bartaraf etish uchun murojaat qiluvchiga 5 kun muddat beriladi.

Belgilangan muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, davlat xizmatini ko‘rsatish rad etiladi.

Murojaat qiluvchining so‘rovnomani tasdiqlashdan bosh tortishi ham davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Nafaqa qaysi muddatga tayinlanadi?

Nogironlik nafaqasi shaxsning yoshidan qat’i nazar, u I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan butun muddatga tayinlanadi.

Nafaqa tayinlashda nogironlik haqidagi ma’lumotlar «TIEK» axborot tizimidan olinadi.

Nafaqani to‘lash tartibi

Nafaqa oluvchining xohishiga ko‘ra:

  • naqd pul shaklida — nafaqani etkazib berish vakolati yuklangan tashkilot orqali;
  • naqd pulsiz shaklda — tijorat bankidagi depozit hisobvarag‘i yoki bank kartasiga, shu jumladan ijtimoiy kartaga o‘tkazish orqali

to‘lanadi.

Nafaqa har oyda belgilangan muddatlarda, biroq joriy to‘lov oyidan kechiktirmay to‘lanadi.

2027-yil 1 yanvardan boshlab nogironlik nafaqasi faqat ijtimoiy karta orqali to‘lanadi.

Nafaqani qayta hisoblash

Nafaqa miqdori yoki uni hisoblash tartibi qonunchilikda o‘zgargan taqdirda, nafaqa vakolatli organ tomonidan avtomatik ravishda qayta hisoblanadi.

Qayta hisoblash uchun nafaqa oluvchining alohida murojaati talab qilinmaydi.

Chat