Oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti:
— ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant;
— ta’lim granti shaklida ajratiladi.
Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyozlarga ega bo‘lgan, maqsadli qabul doirasida yoki boshqa maxsus asoslar bo‘yicha grant olgan talabalarga, qoida tariqasida, butun o‘qish davri uchun beriladi.
Ta’lim granti esa birinchi kursda kirish imtihonlarida yuqori natija ko‘rsatgan abiturientlarga bir o‘quv yili uchun ajratiladi.
Ta’lim granti — talabaning o‘qish xarajatlarini davlat mablag‘lari hisobidan to‘liq yoki qisman qoplash shakli.
Ikkinchi va keyingi kurslarda ta’lim granti ikki shaklda ajratiladi:
— to‘liq ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun o‘qish xarajatining 100 foizi davlat tomonidan qoplanadi va talaba umumiy tartibda stipendiya oladi;
— to‘liq bo‘lmagan ta’lim granti — bir o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt summasining 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi, ammo umumiy tartibdagi stipendiya to‘lanmaydi.
To‘liq ta’lim grantlari soni bazaviy grant o‘rinlarining kamida 50 foizini tashkil etishi kerak. To‘liq va to‘liq bo‘lmagan grantlarning o‘zaro nisbati o‘quv yili yakunlanishidan kamida 6 oy oldin OTM rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Eslatma: 1-kursda davlat grantiga kirgan talaba grantni avtomatik ravishda butun o‘qish davriga saqlab qolmaydi. 2-kursdan boshlab ta’lim granti har yili qayta taqsimlanadi.
Ikkinchi va keyingi kurslarda ta’lim granti uchun talabgorning joriy o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi kamida 3,5 bo‘lishi shart.
GPA 3,5 dan past bo‘lgan talaba grantni qayta taqsimlash tanlovida ishtirok eta olmaydi.
Tanlovda maksimal 100 ball to‘plash mumkin:
— akademik o‘zlashtirish — 80 ballgacha;
— ijtimoiy faollik — 20 ballgacha.
Akademik natijalar HEMIS tizimi orqali shakllantiriladi. Ijtimoiy faollik esa belgilangan mezonlar bo‘yicha alohida komissiya tomonidan baholanadi.
Talabgorlarni baholash natijalari OTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.
Natijadan norozi talaba har bir ko‘rsatkich e’lon qilinganidan keyin 48 soat ichida elektron apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya 3 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Grant oluvchilarning yakuniy ro‘yxati OTM kengashi tomonidan 20-avgustga qadar tasdiqlanadi va 25-avgustga qadar rasmiy veb-saytda e’lon qilinadi.
Ta’lim granti asosida o‘qigan talabalar uchun o‘qishni tamomlagandan keyin kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilingan.
Bu talab ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant yoki qonunchilikda alohida majburiyat nazarda tutilgan maxsus dasturlarga avtomatik ravishda tatbiq etilmaydi.