Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10332 marta o'qildi

Firma nomi qachon himoya qilina boshlaydi?

Firma nomi tijorat tashkilotining uni boshqa yuridik shaxslardan ajratib turuvchi individual nomi hisoblanadi.

Firma nomi yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi. Uni intellektual mulk ob’ekti sifatida alohida ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi.

Firma nomi qanday talablarga javob berishi kerak?

Firma nomi yuridik shaxsning tashkiliy-huquqiy shaklini aks ettirishi va qonunda taqiqlangan belgilarni o‘z ichiga olmasligi kerak.

Jumladan, tegishli ruxsatsiz davlatning rasmiy nomi yoki ayrim davlat va xalqaro tashkilotlarni anglatuvchi belgilardan foydalanishga cheklovlar mavjud. Shuningdek, iste’molchini chalg‘itadigan yoki avvalroq huquqiy muhofaza olgan nom va belgilar bilan adashtirish darajasida o‘xshash firma nomiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Firma nomidan kim foydalanishi mumkin?

Yuridik shaxs o‘z firma nomidan foydalanish va boshqalarga undan foydalanish huquqini berish bo‘yicha mutlaq huquqqa ega.

Firma nomidan foydalanish huquqi boshqa yuridik shaxsga litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi asosida berilishi mumkin. Bunda iste’molchini chalg‘itishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.

Boshqa shaxs firma nomidan noqonuniy foydalansa nima qilish mumkin?

Huquq egasi, jumladan:

  • huquqbuzarlikni to‘xtatishni;
  • noqonuniy firma nomini tovar, yorliq, idish va o‘rovdan olib tashlashni;
  • zaruratda kontrafakt mahsulotlarni yo‘q qilishni;
  • etkazilgan zararni qoplashni;
  • zarar o‘rniga 20 BHMdan 1 000 BHMgacha tovon to‘lashni talab qilishi mumkin. Tovon miqdori taraflar kelishuvi yoki sud tomonidan belgilanadi.

Firma nomidan qonunga xilof foydalanish yuridik shaxsga 100 BHMdan 200 BHMgacha jarima solishga ham sabab bo‘ladi.

Eslatma: firma nomi va tovar belgisi bir xil huquqiy ob’ekt emas. Kompaniya nomining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani uni avtomatik ravishda tovar belgisi sifatida ham ro‘yxatdan o‘tkazilgan degani emas.

Chat