Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 19193 marta o'qildi

Bolalar nafaqasi kimlarga tayinlanadi?

Bolalar nafaqasi Ijtimoiy reestrga kiritilgan, eng kichik yoki yagona farzandi 18 yoshga to‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Bolalar nafaqasi — oiladagi 18 yoshga to‘lmagan bolalar soni va yoshidan kelib chiqib tayinlanadigan oylik ijtimoiy to‘lov.

Ijtimoiy reestr — oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati baholanib, ularni qo‘llab-quvvatlash toifalari belgilanadigan yagona axborot tizimi.

Oilani reestrga kiritishda uning daromadlari, mol-mulki, mehnat qilish imkoniyati, ijtimoiy holati va qonunchilikda belgilangan boshqa mezonlar baholanadi.

Nafaqa qancha muddatga tayinlanadi?

Bolalar nafaqasini to‘lash muddati oilaning Ijtimoiy reestrdagi toifasiga bog‘liq:

  • «davlat ta’minotidagi oila» va «kambag‘al oila» toifasidagi oilalarga — ushbu toifadan chiqquniga qadar;
  • «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasidagi oilalarga — toifaga o‘tkazilgan yoki kiritilgan oydan keyingi 6 oy davomida.

Nafaqa oilaning eng kichik yoki yagona bolasi 18 yoshga to‘lgan oyning oxirigacha to‘lanadi.

Nafaqa miqdori qanday aniqlanadi?

Bolalar nafaqasining miqdori:

  • oiladagi bolalar soni;
  • bolalarning yoshi;
  • oilaning Ijtimoiy reestrdagi toifasi asosida belgilanadi.

«Kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga o‘tkazilgan oilada har bir a’zoga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining:

  • 1 baravaridan 1,25 baravarigacha bo‘lsa — belgilangan nafaqaning 75 foizi;
  • 1,25 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lsa — belgilangan nafaqaning 50 foizi miqdorida to‘lanadi.

Egizak bolalar bo‘lganda ularning biri 3 yoshgacha bo‘lgan kichik bola, qolganlari esa navbatdagi bolalar sifatida hisoblanadi.

Qanday murojaat qilinadi?

Bolalar nafaqasini tayinlash uchun:

  • Davlat xizmatlari markaziga;
  • «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga;
  • mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodimga;
  • «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali;
  • «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali murojaat qilish mumkin.

Har bir oila nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun bir oyda bir marta murojaat qilishi mumkin. Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.

To‘lov qachon boshlanadi?

Bolalar nafaqasi ariza ko‘rib chiqilgan oydan keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab to‘lanadi.

Nafaqa tayinlangani yoki rad etilgani haqida arizada ko‘rsatilgan telefon raqamiga SMS-xabar yuboriladi.

Bir oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni bir vaqtning o‘zida to‘lashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat