“Ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ga ko‘ra, ko‘chmas mulk ob’ektini kadastr hisobiga olish va kadastr yig‘majildini shakllantirish natijasida ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha elektron shaklda kadastr pasporti rasmiylashtiriladi.
1. Ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasporti quyidagi hollarda rasmiylashtiriladi yoki qayta rasmiylashtiriladi:
— ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha birlamchi xatlov ishlari bajarilganda;
— ko‘chmas mulk ob’ektining bir qismi begonalashtirilganda yoki er uchastkasi alohida bo‘linganda (bunda ikki qismga alohida kadastr pasporti shakllantiriladi);
— qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan er uchastkalari xususiylashtirilgandan so‘ng ularning bir qismiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganda;
— er uchastkasining maydoni yoki chegara nuqtalari o‘zgarganda;
— ko‘chmas mulk ob’ektining manzilini belgilashda yoki o‘zgartirishda;
— er uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanish asosiy turi yoki kapital qurilish ob’ektining foydalanish maqsadi o‘zgarganda;
— o‘z er uchastkasida tegishli ruxsatnomalarni rasmiylashtirmasdan qurilgan bino va inshootlar mavjud bo‘lganda.
2. Ariza beruvchi kadastr pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
3. Kadastr pasportini olish uchun ariza beruvchi shaxsning imkoniyati mavjud bo‘lmasa qanday tutadi?
Ariza beruvchilar o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazlari xodimi — ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, so‘rovnomani elektron shaklda mustaqil to‘ldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, so‘rovnomaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ilova qilinadi.
Vafot etgan shaxs nomidan uning yaqin qarindoshlari murojaat qilishi mumkin.
4. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ariza beruvchidan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish qat’iyan taqiqlanadi. Ariza beruvchi YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
5. Malaka shahodatnomasiga ega bo‘lgan ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi tomonidan o‘tkazilgan texnik xatlov natijasiga ko‘ra tayyorlangan yig‘majildga asosan ko‘chmas mulkni hisobga olish va kadastr pasportini berish filial tomonidan 3 ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
Bunda qog‘oz shaklidagi kadastr pasporti YaIDXP yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali, plastik shakldagi kadastr pasporti faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi.
6. Ariza beruvchi xabarnomani olgandan so‘ng bir oy mobaynida kadastr pasportini berishning to‘lov qiymatini xabarnomada qayd etilgan miqdorda to‘laydi.
7. Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
8. Xabarnomada ko‘rsatilgan to‘lov to‘liq to‘langandan so‘ng Davlat xizmatlari markazlari xodimi tomonidan tizimdan kadastr pasportini yuklab olish (qog‘oz yoki plastik shaklda chop etish) imkoni paydo bo‘ladi va ariza beruvchiga real vaqt rejimida kadastr pasporti beriladi.
So‘rovnomada ariza beruvchi tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishning natijasini olib ketishga mas’ul shaxs ko‘rsatilgan holatlarda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning natijasini ushbu shaxsga taqdim etishda tegishli ishonchnoma talab etilmaydi.
9. Qanday hollarda kadastr pasportini rasmiylashtirish bepul amalga oshiriladi?
Quyidagi hollarda kadastr pasporti bepul rasmiylashtiriladi:
— ko‘chmas mulk ob’ekti bo‘yicha birlamchi kadastr yig‘majildi (pasporti) mavjud bo‘lib, begonalashtirilganda yoki ob’ektda o‘zgarishlar (rekonstruktsiya, qo‘shimcha va alohida qurilish) mavjud bo‘lmaganda;
— ko‘chmas mulk ob’ektining bir qismi begonalashtirilganda ob’ektning qolgan qismiga yoki rekonstruktsiyasiz foydalanish maqsadi o‘zgarganda;
— kadastr yig‘majildi (pasporti) yo‘qolganda (yaroqsiz holga kelganda va ko‘chmas mulk ob’ekti ko‘rsatkichlari o‘zgartirilmasdan).
Ushbu hollarda kadastr pasporti uch ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi.
10. Qaysi holatda kadastr pasporti berishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
— so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi;
— ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi;
— ariza beruvchi yoki uning vakili kelishilgan manzilda bo‘lmagan taqdirda;
— vakolatli organ tomonidan kadastr pasportini rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘chmas mulk ob’ektiga taqiq yoki xatlov qo‘yilganligi.
Kadastr pasportini rasmiylashtirishni ushbu bandda ko‘rsatilmagan asoslar bo‘yicha rad etish qat’iyan taqiqlanadi.