Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 10042 marta o'qildi

Ko‘p bolali oila deb qanday oila hisoblanadi?

Ko‘p bolali oila — to‘rt nafar va undan ortiq 18 yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila.

Agar oiladagi to‘rt nafar va undan ortiq farzandning bir nafari yoki bir nechtasi o‘rta maxsus, professional yoki oliy ta’lim tashkilotida kunduzgi shaklda o‘qiyotgan va 22 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, oila ko‘p bolali oila maqomini saqlab qoladi.

Ko‘p bolali oilaga barcha imtiyozlar avtomatik beriladimi?

Yo‘q. Davlat ko‘p bolali oilalarga qonunchilikka muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlaydi. Biroq ko‘p bolali oila maqomining o‘zi har qanday nafaqa, subsidiya, uy-joy yoki soliq imtiyozini avtomatik ravishda olish uchun etarli emas.

Har bir yordam turi bo‘yicha oilaning daromadi, ijtimoiy holati, uy-joy sharoiti va boshqa belgilangan mezonlar alohida tekshiriladi.

Bolalar nafaqasi olish mumkinmi?

Ko‘p bolali oila bolalar nafaqasi olish uchun murojaat qilishi mumkin. Nafaqa oilaning ko‘p bolali ekaniga emas, uning Ijtimoiy reestrga kiritilishi va belgilangan mezonlarga javob berishiga qarab tayinlanadi.

Murojaat Davlat xizmatlari markazi, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi, mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim, YaIDXP, «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali berilishi mumkin.

Uy-joy bo‘yicha qanday imkoniyat mavjud?

Ko‘p bolali oilalar davlat uy-joy fondidan uy-joy olish uchun uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolar toifasiga kiritilgan.

Biroq bu oilaga uy-joy darhol yoki navbatsiz beriladi degani emas. Oila belgilangan uy-joy mezonlariga javob berishi, hisobga qo‘yilishi va navbat tartibiga rioya qilishi kerak. Ariza Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali beriladi.

Er solig‘i bo‘yicha imtiyoz bormi?

Er solig‘idan barcha ko‘p bolali oilalar emas, balki boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar ozod etiladi.

Soliq maqsadida ota yoki onadan biri yoxud ikkala ota-onasi vafot etgan ko‘p bolali oila boquvchisini yo‘qotgan oila deb hisoblanadi. Imtiyoz Pensiya jamg‘armasining tuman yoki shahar bo‘limi ma’lumotnomasi asosida qo‘llaniladi.

Qaerga murojaat qilish kerak?

Yordam turiga qarab:

  • nafaqa va ijtimoiy xizmatlar uchun — «Inson» markazi, ijtimoiy xodim, Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXPga;
  • davlat uy-joy fondi hisobidan uy-joy uchun — Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXPga;
  • er solig‘i imtiyozi uchun — soliq organiga murojaat qilinadi.

Rad etishga sabab bo‘lgan ma’lumotlarda xato bo‘lsa, uni tuzatishni talab qilish, qarordan yuqori turuvchi organga, tegishli apellyatsiya kengashiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Chat