Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi
Mehnat kodeksining 404-moddasida ayolga tug‘ruqqacha etmish kalendarь kun hamda tug‘ruqdan keyin ellik olti kalendarь kun (tug‘ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan taqdirda etmish kalendarь kun) homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o‘rtacha oylik ish haqining etmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘lanishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalarni hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga nafaqani tayinlash hamda to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga binoan, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha hamda yangi tug‘ilgan bolani farzandlikka olgan yoki unga vasiy qilib belgilangan xodimga beriladigan nafaqalar xodim:
ishga qabul qilingan kundan 12 oygacha ish stajiga ega bo‘lganda — o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi;
ishga qabul qilingan kundan 12 oy ortiq ish stajiga ega bo‘lganda — o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili nafaqasini to‘lash muddati
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 314-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 28-bandiga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha xodimga beriladigan nafaqalarni tayinlash va to‘lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi.
Mazkur Nizomning 6-bandiga ko‘ra, nafaqa to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi, lekin mehnatga layoqatsizlik varaqasi taqdim etilgandan kundan boshlab o‘n olti kalendarь kundan ko‘p bo‘lmasligi lozim (qonunchilikda belgilangan ish haqi bir oyda bir marta to‘lanadigan xodimlar toifasi bundan mustasno). Demak, “dekret puli” mehnatga layoqatsizlik varaqasi ish beruvchiga taqdim etilgandan kundan boshlab 16 kun ichida to‘lab berilishi kerak!
Homiladorlik va tug‘ish ta’tili nafaqasini o‘z vaqtida to‘lab bermaslik
Agar “dekret puli” kechiksa, Mehnat kodeksining 333-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.
Qonunchilikka ko‘ra, xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining o‘n foizi miqdorida belgilanadi.
Mazkur pulli kompensatsiyani to‘lash majburiyati ish beruvchining oylik ish haqini yoki xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lashning kechiktirilishida aybi bor-yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga keladi.