Mehnat kodeksida korxona yoki tashkilotga qisqartirish kelganida kimlar imtiyozli ravishda ishda qolishi mumkinligi belgilangan.
Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmining qisqarishiga bog‘liq holda tashkilot, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni (shtati) o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi ushbu Mehnat kodeksi bo‘yicha bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga beriladi.
Agar xodimlar ish salohiyati, malakasi va mehnat unumdorligi bir xil bo‘lganda kimlarga afzallik beriladi?
Xodimning malakasi va ish natijalari yuqori ekanligi ish beruvchi tomonidan (u tashkil etgan va vakolatli komissiya tomonidan) ob’ektiv ko‘rsatkichlarga asoslanib belgilanadi.
Mehnat unumdorligi va malakasi bir xil bo‘lgan xodimlar orasidan ishdan bo‘shatilishga nomzodlarni ajratib olinishi chog‘ida quyidagilarga afzallik beriladi:
► qaramog‘ida ikki yoki undan ortiq kishi bo‘lgan xodimlarga;
► oilasida mustaqil ish haqi oluvchi boshqa xodimlar mavjud bo‘lmagan shaxslarga;
► mazkur ish beruvchidagi uzoq muddatli ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga;
► ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarida mehnat shartnomasiga ko‘ra tegishli mutaxassislik bo‘yicha o‘z malakasini oshirayotgan xodimlarga hamda ishlab chiqarishdan ajralgan holda oliy va o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan shaxslarga o‘qishni tamomlaganidan keyin mutaxassisligi bo‘yicha ishlash sharti bilan uch yil mobaynida;
► ushbu tashkilotda mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga uchragan shaxslarga;
► nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
► 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlar bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
► mehnatdagi yutuqlari uchun rag‘batlantirishlarga ega bo‘lgan va intizomiy jazolarga ega bo‘lmagan xodimlarga;
atom ob’ektlaridagi avariyalar oqibatida kelib chiqqan yuqori radiatsiyaviy nurlanish bilan bog‘liq bo‘lgan nurlanish kasalligiga va boshqa kasalliklarga yo‘liqqan yoki shunday kasalliklarni boshidan kechirgan shaxslarga, o‘ziga nisbatan boshlangan nogironligining atom ob’ektlaridagi avariyalar bilan bog‘liqligi aniqlangan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, ushbu avariyalar va halokatlar oqibatlarini bartaraf etish ishtirokchilariga, shuningdek mazkur ob’ektlardan evakuatsiya qilingan yoki ko‘chirilgan shaxslarga hamda ularga tenglashtirilgan boshqa shaxslarga.
Jamoa shartnomasida xodimlarni ishda qoldirishda afzallik beriladigan boshqa holatlar nazarda tutilishi mumkin. Bu holatlar, agar xodimlar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq ishda qoldirishda afzallik huquqiga ega bo‘lmagan taqdirdagina, inobatga olinadi.