Mayning faoliyati nima?
Mayning bu odatda kriptovalyutalar, ayniqsa bitkoin va shunga o‘xshash raqamli aktivlarni ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi. Bu jarayon maxsus hisoblash qurilmalari orqali amalga oshirilib, tarmoqdagi tranzaktsiyalarni tasdiqlash hamda yangi bloklarni blokcheynga qo‘shishni o‘z ichiga oladi.
Qonunchilikka ko‘ra, mayning faoliyati hisoblash operatsiyalarini bajarish orqali ma’lumotlarning taqsimlangan reestrini yuritish, bloklarning yaxlitligini yaratish va tasdiqlash faoliyati hisoblanadi.
Mayning faoliyati qanday amalga oshiriladi?
Mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stantsiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Maynerlar iste’mol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini o‘rnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishlari mumkin bo‘ladi.
Mayner unga ruxsatnoma berilgan vaqtdan boshlab mayningni amalga oshirishi mumkin bo‘lib, ruxsatnoma besh yil muddatga beriladi.
Mayningni amalga oshirish uchun qanday talablar mavjud?
Quyidagilar mayningni amalga oshirish uchun ruxsat berish talablari va shartlari hisoblanadi:
mayningni amalga oshirish uchun quyosh fotoelektr stantsiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalanish, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
mayning uskunalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan alohida joyning mavjudligi;
kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
mayningni faqat ro‘yxatga olingan paytda ko‘rsatilgan manzilda amalga oshirish;
mayning uskunalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan joyning yong‘in xavfsizligi, sanitariya normalari va qoidalari hamda texnik xavfsizlik talablarini inobatga olgan holda, elektr energiyasi ta’minoti tizimining texnik sozligini ta’minlash;
mayning yagona elektr energetika tizimiga ulangan holda amalga oshirilgan taqdirda, iste’mol qilinadigan elektr energiyasi alohida hisoblanishini ta’minlash maqsadida Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHNAT) ulanish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ro‘yxatdan o‘tkazilgan elektr energiyasini hisobga olish asbobining mavjudligi;
yashirin mayning, anonim kripto-aktivlar mayningini hamda muqaddam muomalada bo‘lgan kripto-aktivlarni muomalaga kiritishni amalga oshirmaslik;
mayning to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vakolatli organning talabiga muvofiq bepul taqdim qilish;
mayningni amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan yig‘imlarni o‘z vaqtida va to‘liq to‘lash.
Ruxsatnoma olish uchun qanday ariza kiritadi?
Talabgor ruxsatnoma olish uchun axborot tizimiga Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali kirib, arizani quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda elektron ravishda to‘ldiradi:
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
yuridik shaxsning to‘liq nomi va tashkiliy-huquqiy shakli;
yuridik shaxsning joylashgan eri (pochta manzili), telefon raqami, elektron pochta manzili;
mayning uskunalarini o‘rnatish uchun mo‘ljallangan joyning manzili;
yuridik shaxsga xizmat ko‘rsatadigan bank muassasasining nomi va xisobraqami;
murojaatning maqsadi (yangi ruxsatnoma olish, ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish yoki unga o‘zgartirish kiritish).