Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30 marta o'qildi


Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun bir qator imtiyozlar sohaviy qonunchilik asosida yaratib berilmoqda. 641-sonli qonunning 40-moddasiga asosan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida abiturientlarni qabul qilish umumiy sonining 2 % (ikki foizi) miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi belgilab qo‘yilgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha kvota asosida oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmagan abiturientlar to‘plagan ballari bilan ta’limning ushbu yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda umumiy asoslarda ishtirok etadi.

Nogironligi bo‘lgan abiturientlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun belgilangan 2 foizlik kvota I va II-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslargagina tatbiq etiladi.

Eslatma! III-guruh nogironligi bo‘lgan abiturientlarga nisbatan bu imtiyoz qo‘llanilmaydi.

Nogironligi bo‘lgan abiturientlar oliy ta’lim muassasalariga onlayn yoki oflayn shaklda hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi.


Nogironligi bo‘lgan abiturient oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga topshirishda, quyidagi hujjatlarga ega bo‘lishi talab etiladi:

• abiturientning pasporti yoki ID kartasi;

• Abiturientning o‘zi o‘qigan ta’lim muassasasi tomonidan berilgan attestati yoki o‘zi bitirgan kollejning diplomi;

• I-II guruh nogironlik holatini tasdiqlovchi hujjat;

• Abiturientning o‘zini nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqami kerak bo‘ladi.

Nogironligi bo‘lgan abiturient oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan qabul komissiyasiga yuqorida keltirilgan hujjatlarni taqdim etgandan keyin u o‘qishga hujjat topshirishi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishi talab etiladi.


Nogironligi bo‘lgan shaxslar onlayn shaklda My.uzbmb.uz sayti orqali o‘z hujjatlarini topshirishlari mumkin. Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi: abiturient My.uzbmb.uz saytiga kirib, hosil bo‘lgan oynada pasport seriya raqami, shaxsiy identifikatsion raqami, telefon raqami, parol kiritilib, shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanishga rozilik bildirish bilan bog‘liq flajokni belgilab ro‘yxatdan o‘tish tugmasi bosiladi. 

Undan keyin kiritilgan telefon raqamga sayt orqali kod yuboriladi. Yuborilgan kod dasturga kiritilib, ma’lumotlar tasdiqlanadi. Oliy va professional ta’lim muassasalari qabul bo‘limiga kirib, xizmatdan foydalanish tugmasi bosiladi. Hosil bo‘lgan oynada yozilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar abiturient tomonidan to‘ldiriladi.

Ariza topshirish bo‘limida, test topshirish hududi, ta’lim tili, test topshirish alifbosi tanlanadi. Keyin test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi aniqlanadi. Agarki, abiturient tanlagan fanlar majmuasida chet tili mavjud bo‘lsa, tegishli chet tilini ham tanlashi shart. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar maydonchalari to‘ldirilganidan keyin saqlash tugmasi bosiladi. Shundan so‘ng, abiturient telefon raqamiga SMS xabarnoma orqali kod yuboriladi. Kodni dasturga kiritish orqali ma’lumotlar tasdiqlanadi.

O‘z navbatida, ta’kidlab o‘tish kerakki, nogironligi bo‘lgan abiturientlar uchun davlat to‘lovi undirilmaydi.

Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda abiturientlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar (25-iyun kuni ham) test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat oliy ta’lim muassasasini tanlaydi.

Bunda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yagona kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari tegishli vazirliklar (idoralar) tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. O‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.

Ikkinchi bosqichda abiturientlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydi. Aytib o‘tishimiz kerakki, barcha toifadagi I-II guruh nogironligi bo‘lgan abiturientlar qonunchilik bilan belgilangan 2 foizlik kvotadan foydalanish huquqiga ega sanalishadi.

Nogironligi bo‘lgan abiturientlar imtihonlarda qatnashishlik uchun test topshirish joylari va tanlovlar tashkil etiladigan bino inshootlarga tashrif buyurishganda, ularga maxsus uskunalarda harakatlana olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lishi talab etiladi. 

Masalan: maxsus yo‘lakchalar, nogironligi bo‘lgan abiturientlar harakatlanadigan joylarda pandusli, bruschatkali yo‘lakchalar tashkil etilgan bo‘lishi kerak.Eshitishida yoki gapirishida nuqsoni bor abiturientlar imtihon tashkil etiladigan bino va inshootlarga keladigan bo‘lsa, bu toifa abiturientlar surda tarjimonlar bilan ta’minlanishi shart.

Chat