Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 201 marta o'qildi


Mehnat uchun rag‘batlantirish tartibi

MKning 299-moddasiga asosan, ishdagi yutuqlar uchun xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilishi mumkin. Rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llash tartibi jamoa kelishuvlarida, jamoa shartnomasida, ichki mehnat tartibi qoidalari hamda mehnat to‘g‘risidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va mehnat shartnomasida belgilanadi. O‘ziga nisbatan intizom haqidagi ustavlar va nizomlarning amal qilishi tatbiq etiladigan xodimlarga nisbatan rag‘batlantirish turlari, ularni qo‘llash tartibi intizom to‘g‘risidagi tegishli ustavlar va nizomlarda belgilanadi. Xodimlar mehnat sohasida jamiyat va davlat oldidagi alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin. Ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirish turlari jumlasiga kirmaydi. Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida intizomiy javobgarlikka tortilgan xodimlarga mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofotlarni to‘lash to‘g‘risidagi masala mukofotlash haqidagi tegishli nizomlarda hal qilinadi. Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi. Rag‘batlantirish choralari bilan rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni chalkashtirmaslik kerak. MKning 252-moddasiga asosan, rag‘batlantiruvchi xususiyatga ega to‘lovlar jumlasiga xodimlarga mehnatdagi yuksak yutuqlari, kasbiy mahorati, energiya resurslarini, materiallarni tejaganligi, oldindan belgilangan boshqa ko‘rsatkichlarga erishganligi uchun beriladigan mukofotlar, ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va boshqa to‘lovlar kiradi.

Mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilgan mukofot xodimni oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishishga undash maqsadida ish haqining tarkibiga kiritilgan hamda xodimga asosiy maoshidan (tarif stavkasidan) tashqari to‘lanadigan pul mukofotidir.

Mehnatga haq to‘lash tizimida nazarda tutilmagan rag‘batlantiruvchi mukofot bir marta beriladigan xususiyatga ega bo‘lgan hamda ish beruvchining qaroriga ko‘ra xodimning oldindan belgilangan ko‘rsatkichlar va shartlarga erishganligi uchun emas, balki muayyan voqealar (yubileylar, bayram sanalari va boshqalar) yuz berganligi yoki xodim tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilganligi (ish beruvchining alohida muhim topshirig‘ini bajarish, ratsionalizatorlik taklifini kiritish va boshqalar) munosabati bilan to‘lanadigan pul mukofotidir.

Ustama xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ish bajarilganligi uchun amalga oshiriladigan va rag‘batlantiruvchi (kasbiy mahorat, uzoq muddat xizmat qilganlik, muayyan tashkilotdagi yoki tarmoqdagi ish staji uchun ustamalar va boshqalar) yoxud kompensatsiya xususiyatiga ega (ishning ko‘chma yoxud sayyor xususiyati, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish yoxud zararli yoki og‘ir mehnat sharoitlaridagi ish, mehnatning jadalligi uchun ustamalar va boshqalar) pul to‘lovidir.

Mukofotlash, ish haqi asosiy qismiga doir qo‘shimcha to‘lovlar va ustamalar, boshqa rag‘batlantiruvchi to‘lovlar tizimlari ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

Xodimlarni rag‘batlantirish ish beruvchining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi va buyruq barcha xodimlarga e’lon qilinishi lozim.

Rag‘batlantirilgan xodimlarga korxona jamoa shartnomasi va boshqa local hujjatlarda nazarda tutilgan imtiyoz va afzalliklar beriladi.

Xodimlar mehnat sohasida va jamiyat hayotida faol qatnashishi natijasida alohida xizmatlari uchun davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.

Intizomiy jazoga tortilgan xodim jazo muddati o‘tgunga qadar yoki jazo ish beruvchining buyrug‘i bilan muddatidan avval olib tashlangunga qadar unga nisbatan rag‘batlantirish chorasi qo‘llanilishi mumkin emas.

Chat