Fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati rivojlanib borar ekan, ularning turli resurslardan axborot olish, olingan axborotlardan erkin foydalanish, axborotlar bilan bo‘lishishga bo‘lgan talab va ehtiyoji sezilarli tarzda oshib bormoqda. Sababi, fuqarolar hukumat tomonidan amaliyotga kiritilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarni axborot shaklida qabul qilishadi hamda mavjud ma’lumotlardan foydalanishadi. Axborot olish huquqi, erkin fikrlash, so‘z erkinligi kabi inson va fuqarolarning shaxsiy huquqlari konstitutsiyaviy qonunchilik asosida belgilab qo‘yilganligini alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerak.
Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.
Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega.
Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari har kimga o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart. Misol uchun abyutrent, oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirishda, universitet to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishib chiqish huquqiga ega sanaladi. Shuningdek, ishga joylashmoqchi bo‘layotgan shaxs, o‘z hududidagi bandlikka ko‘maklashish markazlariga borib, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot olish huquqidan foydalanishi mumkin. Aytmoqchi bo‘lganimiz, axborot olish huquqi, har bir shaxsning sub’ektiv huquqi hisoblanadi.
Axborot ochiq va oshkora bo‘lishi kerak, maxfiy axborot bundan mustasno.
O‘z navbatida aytib o‘tish kerakki, quyidagi ma’lumotlar, maxfiy axborot sifatida baholanmaydi:
fuqarolarning huquq va erkinliklari, ularni ro‘yobga chiqarish tartibi to‘g‘risidagi, shuningdek davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqiy maqomini belgilovchi qonunchilik hujjatlari;
ekologik, meteorologik, demografik, sanitariya-epidemiologik, favqulodda vaziyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda aholining, aholi punktlarining, ishlab chiqarish ob’ektlari va kommunikatsiyalarning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotlar;
Davlat har kimning axborotni izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqini himoya qiladi. Jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab axborot olish huquqi cheklanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar so‘ralayotgan axborot maxfiy bo‘lsa yoki uni oshkor etish natijasida shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar etishi mumkin bo‘lsa, axborotni berish rad etilishi mumkin.
So‘ralayotgan axborotni berish rad etilganligi to‘g‘risidagi xabar so‘rov bilan murojaat etgan shaxsga so‘rov olingan sanadan e’tiboran besh kunlik muddat ichida yuboriladi.
Rad etish to‘g‘risidagi xabarda so‘ralayotgan axborotni berish mumkin emasligi sababi ko‘rsatilishi kerak.
Maxfiy axborot mulkdori, egasi axborotni so‘rayotgan shaxslarni bu axborotni olishning amaldagi cheklovlari to‘g‘risida xabardor etishi shart.
Axborot berilishi qonunga xilof ravishda rad etilgan shaxslar, shuningdek o‘z so‘roviga haqqoniy bo‘lmagan axborot olgan shaxslar o‘zlariga etkazilgan moddiy zararning o‘rni qonunda belgilangan tartibda qoplanishi yoki ma’naviy ziyon kompensatsiya qilinishi huquqiga ega.