Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 124 marta o'qildi

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlari - Jurnalist24.uz


Qonunchilikka asosan, jismoniy shaxslardan qay hollarda daromad solig‘i undiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 17-moddasiga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qonunchilikda belgilangan soliqlardan biri hisoblanadi. Ushbu Kodeks 364-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq to‘lovchilari deb:

1) O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar;

2) O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromad oluvchi O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar e’tirof etiladi.

Shuningdek, soliq to‘lovchining jami daromadi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solьig‘ining soliq solish ob’ekti deb hisoblanadi.

Bundan tashqari, soliq bazasi quyidagilar asosida hisoblanadi:

1) O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun — ushbu bo‘limda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini hisobga olgan holdagi jami daromadlari;

2) O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun — ushbu bo‘limda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari qo‘llanmagan holdagi jami daromadlari.

Shu bilan birga, soliq bazasini aniqlashda soliq to‘lovchining ham pul shaklida, ham natura shaklida olgan daromadlari yoki daromadlarni tasarruf etish uchun yuzaga kelgan huquqlari, shuningdek moddiy naf tarzidagi daromadlari hisobga olinadi. Bunda soliq to‘lovchining alohida turdagi daromadlari ushbu bo‘limda belgilangan shartlarda va tartibda jami daromad tarkibida hisobga olinishi yoki hisobga olinmasligi mumkin.

Jami daromad soliq to‘lovchi tomonidan hisobot (soliq) davri davomida olingan quyidagi daromadlardan tashkil topadi:

1) O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari uchun — O‘zbekiston Respublikasidagi va uning tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlardan;

2) O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari uchun — O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlardan.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 369-moddasi bilan jami daromadga kiritilmaydigan daromadlar turlari belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, qonunchilikka muvofiq jami daromadning tarkibiga quyidagilar kiritiladi:

1) mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar;

2) mulkiy daromadlar;

3) moddiy naf tarzidagi daromadlar;

4) boshqa daromadlar.

Yuqoridagi daromadlar olinishi natijasida jismoniy shaxslar belgilangan tartibda daromad solig‘i to‘lashi zarur.

Mushtariylarimizdan biri “O‘tgan yili turmush o‘rtog‘imning vafotidan so‘ng uyimizni meni nomimga rasmiylashtirgan edik. Bu yil o‘sha uyni qizimning nomiga oldi-sotdi shartnomasi asosida o‘tkazib bergandim. Endi men daromad solig‘i to‘laymanmi?” deb so‘radi. Ayting-chi, ushbu vaziyat murojaatchi daromad solig‘i to‘laydimi? Axir begona emas, o‘zining qiziga o‘tkazib bergan-ku?

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 375-moddasiga ko’ra soliq to‘lovchiga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromad mulkiy daromad sifatida e’tirof etiladi. Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 378-moddasida, soliq to‘lovchilarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlari daromad solig‘iga tortilmasligi belgilangan. Biroq, mazkur modda 1-qism 7-bandida noturar joylarni xamda 36 kalendarь oydan kam muddatda soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan turar joylarni sotishdan olinadigan daromadlari bundan mustasno qilib ko‘rsatilgan.

Ya’ni, aytaylik Siz turar joy sotib oldingiz yoki mereos tarzida qabul qildingiz va 36 kalendarь oy, ya’ni 3 yil o‘tmasdan o‘sha turar joyingizni sotsangiz Siz daromad solig‘i to‘lashingizga to‘g‘ri keladi. Agar uch yil o‘tib keyin sotadigan bo‘lsangiz bunday soliq to‘lamaysiz.

Ushbu vaziyatda murojaatchi qancha soliq to‘laydi?

Soliq kodeksining 381-moddasiga ko’ra O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan jismoniy shaxsning daromadlariga 12 foizlik soliq stavkasi bo‘yicha soliq solьinadi. Dividendlar va foizlar tarzidagi daromadlarga 5 foizlik soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinadi.

Ushbu Kodeksning 375-moddasi 1-qism 4-bandiga ko‘ra mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar mazkur mol-mulkni realizatsiya qilish summasining hujjatlar bilan tasdiqlangan uni olish qiymatidan oshgan qismi sifatida aniqlanadi. Mazkur qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, mol-mulkni realizatsiya qilish qiymati, ko‘chmas mulk bo‘yicha esa – kadastr qiymati hamda realizatsiya qilish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq daromad deb e’tirof etiladi.

Bu vaziyatda fuqaroga daromad solig‘ini hisoblashning sxemasi quyidagicha:

Soliqqa tortiladigan daromad = sotib olingan narx - sotuv narxi (kadastr qiymati) − rasmiy hujjatlashtirish xarajatlari.

Masalan, turar joy 2024-yilda mereos huquqi asosida olingan. Kadastr qiymati: 100 million so‘m. Fuqaro qiziga oldi-sotdi bo‘yicha 150 million so‘mga sotgan. Shartnomani rasmiylashtirish: 2 million so‘m.

Bunda, soliqqa tortiladigan daromad = 150 mln - 100 mln - 2 mln = 48 mln so‘mni​​;

To‘lanadigan soliq = 48 × 12 % = 5, 760, 000 so‘mni tashkil qiladi.

To‘lamaslikka haqi bormi? Agar to‘lamasa, unga nisbatan qanday chora ko‘riladi?

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq fuqarolar soliq va yig‘imlarni to‘lashga majburdirlar. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 175-moddasiga ko‘ra fuqarolarga hisoblangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qay hollarda xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlarga soliq solinadi?

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 375-moddasiga asosan soliq to‘lovchiga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar soliq solish ob’ekti hisoblanadi. Shu bilan birga ushbu Kodeksning 378-moddasi 1-qism 7-bandiga ko‘ra soliq to‘lovchilarning xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlari soliq solinmaydigan daromad turlaridan biri hisoblanadi, bundan quyidagilarni sotishdan olingan daromadlar mustasno etib belgilangan:

— qimmatli qog‘ozlarni (bundan fond birjasida realizatsiya qilinadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar mustasno), yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini (paylarini);

— noturar joylarni;

— o‘ttiz olti kalendarь oydan kam muddatda soliq to‘lovchining mulkida bo‘lgan turar joylarni.

Chat