Hammamizga ma’lumki, keyingi yillarda fuqarolarimiz tomonidan aksariyat avtotransport vositalari bilan harakatlanishda nisbatan arzon hamda ekologik toza yoqilg‘i turi bo‘lgan siqilgan tabiiy gazdan keng foydalanilmoqda.
Biroq, aholimizning avtotransport vositalarida gaz ballonlaridan foydalanish talab va tartiblarni bilmasligi, ayrim holatlarda beparvoligi natijasida gaz ballonlari bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni yildan-yilga ko‘payayotganligini ko‘rishimiz mumkin.
Ushbu baxtsiz xodisalar inson hayoti va salomatligiga, ayrim holatlarda insonlar o‘limiga sabab bo‘layotganligi achinarli holatdir.
X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida Yong‘in-texnikaviy ekspertizasi laboratoriyasi mavjud bo‘lib, ushbu laboratoriya tomonidan hal etiladigan masalalardan biri ham aynan avtotransport vositalarida gaz balonlari bilan bog‘liq yong‘inlar kelib chiqish sababini aniqlash hisoblanadi.
Laboratoriyamiz tomonidan o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar davomida avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stantsiyalarida gaz ballonlarini to‘ldirishda o‘rnatilgan talab va qoidalarning buzilishi, gaz balloni uskunalarining birikkan joylari zichligining buzilishi, shuningdek, jismonan va ma’nan eskirgan gaz ballonlaridan foydalanish, avtotransport vositasining va ularga o‘rnatilgan gaz uskunalarining texnik nosozligi, o‘rnatishda talab va qoidalarga amal qilinmaslik natijasida avtotransport vositalarida baxtsiz hodisalarni kelib chiqishiga sabab bo‘layotganligi aniqlanmoqda.
Hammamizga ma’lumki, siqilgan tabiiy gaz balonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan xavfsiz foydalanishni ta’minlash, baxtsiz hodisalarni oldini olishga xizmat qiladi.
Tabiiy gazning spetsifik xarakterini hisobga olib, tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan foydalanishda bu to‘g‘ridagi barcha o‘rnatilgan tartib qoidalarga amal qilish zarur bo‘ladi.
Ushbu sohada faoliyat yurituvchi ekspert sifatida avtotransport vositalaridan foydalanuvchi yurtdoshlarimiz quyidagilarga e’tibor qaratishi zarur:
Avvalo, siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining texnik holatini tekshirib yurish va uning sozligini ta’minlash avtomobildan xavfsiz foydalanishning asosiy garovi hisoblanadi. Avtotransport vositasini nosozligi natijasida sodir bo‘ladigan yo‘l-transport hodisalari gaz ballonlarining portlashi, yonishi kabi fojeali xolatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashda, uning foydalanish muddati asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi.
Jumladan, gaz ballonlarning foydalanish muddati 15 yil yoki 15000 marotaba gaz quyish deb belgilangan bo‘lsada, ammo, uni saqlash va ishlatish sharoitidan kelib chiqib, bu muddat kamroq bo‘lishi mumkin.
Misol tariqasida shuni keltirish mumkinki, odatiy holatlarda har safar avtomobilimizdagi gaz ballonini gaz bilan to‘ldirganimizda, ballon bosimdan ko‘zga ko‘rinmas xolda shishadi va avtomobilning dvigateli ishlashi jarayonida gaz balloni joyiga qaytadi, shu tariqa yillar davomida ballonga gaz quyishda shishib, so‘ng o‘rniga qaytib davriylik tsikli o‘tib boradi.
Avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonlarining davriylik tsikli gaz ballonga bir yilda necha marta gaz quyish kerakligini anglatadi. Bu ko‘rsatkich ishlab chiqaruvchilar tomonidan qayd etiladi
hamda bundan ko‘proq gaz quyish ballonning ishlatish davrini kamayishiga olib keladi.
Agarda, ushbu ballonda zavod tomonidan deffekti bo‘lgan taqdirda
yoki uni ishlatish jarayonida ballonga zarar etkazish oqibatida unda mikroyoriq paydo bo‘lgan bo‘lsa, uning bosimga chidamligi tushib ketadi va portlashga olib keladi (norma 20mPa bo‘lsa, deffekt hisobiga chidamliligi 10mPa bo‘lib qolishi mumkin). Ushbu holatlar gaz ballonlar yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishi jarayonida aniqlanadi.Texnik talablarga ko‘ra, avtotransport vositalariga o‘rnatilgan barcha ballonlar belgilangan talablarga muvofiq siqilgan tabiiy gaz ballonlar (metan) – 3 yilda 1-marta hamda suyultirilgan gaz ballonlari (propan) – 2 yilda 1-marta yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishi kerak. Aks xolda, bu ham bitta baxtsiz hodisaning sababi bo‘lib xizmat qiladi.
O‘rnatilgan qoidalarga asosan, siqilgan tabiiy gaz (SPG) uchun maksimal ishchi bosimi 20 MPa, suyultirilgan neftь gazi (SNG) uchun maksimal ishchi bosim 1,6 MPa belgilangan. Shu sababli, avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonlarni to‘ldirishda gaz ballondagi bosim o‘rnatilgan bosim me’yoridan oshib ketmasligini nazorat qilish zarur, bosimning me’yordan ortishi gaz ballonining ishdan chiqishiga, mikroyoriqlarning paydo bo‘lishiga, natijada portlashga olib kelishi mumkin.
Gaz ballonlar faqat tegishli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidangina o‘rnatilishi lozim. Gaz uskunalarining o‘rnatilishida standart xavfsizlik klapanlari bo‘lishi lozim. Tadqiqotlar davomida arzon va qo‘lbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqishi mumkinligi ko‘p bora aniqlanmoqda.
Avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonlarini ekspluatatsiya jarayonida ballonlar transport vositalarida tashiladigan yuk ta’sirida, doimiy mexanik yoki kimyoviy ta’sirga duchor bo‘lmasligi yoki harakatda ishqalanish natijasida shikastlanmasligi lozim.
Shu bilan bir vaqtda ballonning tashqi yuzasiga suv, vaqti-vaqti bilan suvda qolishi yoki yo‘l sharoitida suv sachrashi, muzning erishiga hissa qo‘shadigan tuzdan foydalanish sharoitida gaz ballonlarga sachrashi, muntazam ultrabinafsha quyosh nurining tushishi, agressiv kimyoviy vositalar (erituvchilar, kislotalar, o‘g‘itlar), avtomobilь suyuqliklari, shu jumladan benzin, gidravlik suyuqliklar, glikol va moylarning tushishi ballonlarga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli, mazkur holatlarning yuzaga kelishidan yurtdoshlarimiz ehtiyot bo‘lishlari zarur.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalaridan xavfsiz foydalanish maqsadida quyidagilarni tavsiya etiladi:
- siqilgan tabiiy gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining texnik holatini tekshirish va uning sozligini ta’minlash;
- qo‘lbola yoki sinovdan o‘tkazilmagan gaz ballonlardan foydalanmaslik;
- siqilgan tabiiy gaz ballonlarining gaz uzatish moslamalari soz bo‘lishini ta’minlash;
- gaz ballonga me’yordan ortiq gaz quymaslik;
- gaz ballonlarning o‘rnatilishida malakali mutaxassis xizmatidan foydalanish;
- avtomobilga o‘rnatilgan ballonlarning metall belbog‘lari, kuzov yoki boshqa metall bilan ishqalanishiga yo‘l qo‘ymaslik;
- avtotransport vositalariga o‘rnatilgan barcha ballonlar belgilangan talablarga muvofiq siqilgan tabiiy gaz ballonlar (metan) – 3 yilda 1-marta hamda suyultirilgan gaz ballonlari (propan) – 2 yilda 1-marta yuqori bosim ostida (opressovka) sinovdan o‘tkazilishini ta’minlash.