Ma’lumki, har qanday g‘ayriqonuniy xatti-harakatga qonunchilik doirasida huquqiy baho beriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasiga ko‘ra, har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega deb belgilangan. Shu ma’noda, inson va fuqarolar qonunchilik doirasida tasdiqlangan ma’lumotlarni olish va mazkur axborotlarni o‘zga shaxslar bilan almashinish huquqiga ega sanalishadi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, yolg‘on ma’lumot tarqatish va bu axborotlar shaxsni qadr qimmatini obro‘sizlantiradigan yoki jamiyat hayotiga salbiy ta’sir o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lsa, ta’sir etish darajasidan kelib chiqqan holda, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikka tortish masalasi bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksida maxsus huquqiy normalar belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202-2-moddasiga ko‘ra:
Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50 baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ma’lumot o‘rnida aytib qo‘yishimiz kerakki, bugungi kunda bazaviy hisoblash miqdori, 375 ming so‘mni tashkil etadi.
Jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish – BHMning 50–100 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jinoyat kodeksining 244-6-moddasiga ko‘ra:
shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, BHMning 150 baravarigacha miqdorida jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi;
jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Qonunchilikka ko‘ra, yolg‘on axborot deganda, haqiqatga to‘g‘ri bo‘lmagan ma’lumotlar tushuniladi. Qonunchilikda yolg‘on axborot natijasida shaxsning qadr-qimmati kamsitilishi yoki uning obro‘sizlantirilishi bo‘yicha aniq chegara mavjud emas. Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatining kamsitilishi va uning obro‘sizlantirilishi uyatsiz shaklda ifodalangan bo‘lishi zarur. Uyatsiz shaklda deganda, shaxsning kishilar o‘rtasidagi muomalalarida ifodalangan, umume’tirof etilgan qoidalarga zid bo‘lgan salbiy xatti-harakatlari tushuniladi.
Shaxslarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur etkazuvchi ma’lumotlarni tarqatish deganda, ularni ommaviy axborot vositalarida chop etish, xizmat ta’rifnomalarida bayon etish, ko‘pchilik oldida so‘zlaganda, mansabdor shaxslar nomiga yozilgan arizalarda yoki boshqa, shu jumladan og‘zaki bo‘lsa ham bir necha shaxsga yoxud bir kishiga xabar qilish tushuniladi.
Bunday ma’lumotlarni faqatgina o‘ziga aloqador shaxsning o‘ziga aytish, bu ma’lumotlarni tarqatish deb qaralmaydi.