Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 8828 marta o'qildi

Startap loyiha tushunchasi

Startap loyiha — yangi mahsulot yoki xizmat yaratishga qaratilgan, amalga oshish xavfi mavjud bo‘lgan, ko‘lamini kengaytirish va tez o‘sish imkoniyatiga ega innovatsion biznes loyiha.

Loyiha:

  • O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 18 yoshdan 30 yoshgacha shaxs;
  • yoki ustav kapitalidagi ulushining kamida 50 foizi 18–30 yoshli O‘zbekiston fuqarolariga tegishli yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Startap loyihaning davomiyligi 7 yildan oshmasligi kerak.

Tartib Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10 iyuldagi 426-son qarori bilan tasdiqlangan.

Moliyalashtirish shartlari

Investitsiya olish uchun loyiha tashabbuskori:

  • investitsiya jalb qilingan akseleratsiya yoki inkubatsiya dasturida qatnashgan bo‘lishi;
  • vakolatli tashkilotlar tasdiqlagan ro‘yxatga kiritilgan nufuzli startap tanlovlaridan birida g‘olib yoki sovrindor bo‘lishi kerak.

«Yoshlar ventures» venchur jamg‘armasi yuridik shaxs ustav kapitaliga 40 foizdan oshmaydigan ulush bilan kiradi.

Muhim: ushbu mablag‘ qaytarilmaydigan grant emas. Venchur jamg‘armasi investitsiya evaziga startapni amalga oshirayotgan yuridik shaxsning ustav kapitalida ulush oladi.

Investitsiya miqdori

426-son qaror bilan tasdiqlangan maxsus nizomga ko‘ra:

  • istiqbolli namunaviy modelь — MVPni ishlab chiqish jarayonidagi startapga 500 mln so‘mgacha;
  • O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan startapga 1 mlrd so‘mgacha;
  • xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega startapga 2 mlrd so‘mgacha investitsiya ajratiladi.

O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli joriy qilingan loyihaning so‘nggi 12 oylik daromadi o‘sgan va kamida 500 BHMni tashkil etgan yoki shu miqdorda investitsiya jalb qilingan bo‘lishi kerak.

Xorijiy bozorga chiqish imkoniyatiga ega loyiha uchun ushbu ko‘rsatkich kamida 800 BHM bo‘lishi va mahsulot yoki xizmatlarni Internet orqali real vaqt rejimida sotish rejalashtirilishi lozim.

E’tibor bering: PQ-60-son qarorda ayrim startap toifalari uchun yuqoriroq umumiy investitsiya chegaralari belgilangan. Biroq 426-son qaror bilan tasdiqlangan mazkur maxsus ariza berish tartibida hozircha 500 mln, 1 mlrd va 2 mlrd so‘mlik chegaralar ko‘rsatilgan.

Taqdim etiladigan hujjatlar

Ariza «Yoshlar ventures» venchur jamg‘armasiga bevosita yoki elektron shaklda taqdim etiladi. Arizaga, jumladan:

  • startap taqdimoti;
  • innovatsion echim va hal qilinadigan ijtimoiy yoki iqtisodiy muammo tavsifi;
  • biznes-reja;
  • bozor hajmi va daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • mahsulot yoki xizmatni sotish rejasi;
  • akseleratsiya yoki inkubatsiya dasturida qatnashganlikni tasdiqlovchi hujjatlar;
  • tanlovda g‘olib yoki sovrindor bo‘lganlik haqidagi hujjat;
  • avval jalb qilingan investitsiyalar haqidagi ma’lumot;
  • yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari ilova qilinadi.

Arizani ko‘rib chiqish

Venchur jamg‘armasi hujjatlarning to‘liqligi va to‘g‘ri rasmiylashtirilganini ariza berilgan kundan boshlab 25 ish kuni ichida o‘rganadi.

Hujjatlarda kamchilik bo‘lsa, tashabbuskorga ularni bartaraf etish imkoniyati beriladi. Loyiha bo‘yicha yakuniy qaror 20 nafar tadbirkordan iborat Kengash tomonidan qabul qilinadi.

Ijobiy qaror qabul qilinsa:

  • tashabbuskor va Venchur jamg‘armasi o‘rtasida investitsiya shartnomasi tuziladi;
  • yuridik shaxs ta’sis hujjatlariga Venchur jamg‘armasi ulushi kiritiladi;
  • o‘zgartirishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin investitsiyaning birinchi transhi o‘tkaziladi;
  • loyiha uchun daromad o‘sishi, ishlab chiqarish yoki xizmatlar hajmi va rivojlanish natijalari bo‘yicha KPI belgilanadi.
Chat