Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2910 marta o'qildi

Hodisa sodir bo‘lganda bajariladigan harakatlar

Yo‘l-transport hodisasiga daxldor haydovchi:

  • transport vositasini darhol to‘xtatishi;
  • avariya ishoralarini yoqishi;
  • avariya sababli to‘xtash belgisini belgilangan masofada o‘rnatishi;
  • transport vositasi va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmasligi;
  • tan jarohati olganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rishi;
  • tez tibbiy yordam va favqulodda qutqaruv xizmatlarini chaqirishi;
  • hodisa haqida ichki ishlar organlariga xabar berishi;
  • guvohlarning ma’lumotlarini yozib olishi va xodimlar kelishini kutishi shart.

Agar jabrlangan shaxsni shoshilinch ravishda tibbiyot muassasasiga olib borish zarur bo‘lsa, haydovchi uni yo‘lakay transportda jo‘natishi yoki o‘z transport vositasida olib borishi mumkin. Bunda tibbiyot muassasasida o‘z ma’lumotlari va transport vositasining davlat raqamini bildirib, keyin hodisa joyiga qaytishi lozim.

Qatnov qismini bo‘shatish

Agar transport vositalari boshqa harakat ishtirokchilariga to‘sqinlik qilayotgan bo‘lsa, ularni ko‘chirishdan oldin:

  • transport vositalarining o‘zaro joylashuvi;
  • yo‘l tuzilmalariga nisbatan holati;
  • hodisaga daxldor buyumlar va izlar;
  • transport vositalarining shikastlangan qismlari

foto yoki video orqali to‘liq qayd etilishi kerak. Shundan keyin qatnov qismi bo‘shatiladi.

YTH xabarnomasini mustaqil rasmiylashtirish

Ichki ishlar organlarini chaqirmasdan YTH xabarnomasini tuzish uchun quyidagi shartlarning barchasi bir vaqtda mavjud bo‘lishi kerak:

  • hodisa faqat ikkita transport vositasi to‘qnashuvidan iborat bo‘lishi;
  • tan jarohati, yo‘l inshootlari yoki boshqa mol-mulkka zarar etmagan bo‘lishi;
  • piyoda hodisada ishtirok etmagan bo‘lishi;
  • haydovchilardan biri o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lishi;
  • ikkala transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi sug‘urtalangan bo‘lishi;
  • haydovchilarning hujjatlari amal qilishi;
  • haydovchilar mast holatda bo‘lmasligi;
  • zarar va shikastlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lmasligi.

Xabarnoma hodisa joyida darhol, ikki nusxada tuziladi. Haydovchilar xabarnoma tuzilgan vaqtdan boshlab 4 soat ichida mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tishi, hujjatlarni esa 3 ish kuni ichida sug‘urtalovchiga taqdim etishi kerak.

Ushbu shartlardan birortasi mavjud bo‘lmasa, ichki ishlar organlariga xabar berish shart. Aks holda mustaqil tuzilgan YTH xabarnomasi haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Chat