O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 733-moddasi 1-qismiga binoan, fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1999-yil 24-sentabrdagi 16-son qarorining 21-bandiga asosan sudlar qarz shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmasligini nazarda tutishlari lozim.
Fuqarolik kodeksi 109-moddasining birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq taraflar bunday holda guvohlarning ko‘rsatuvlariga asoslanishga haqli emas, lekin bu ularni yozma va boshqa dalillar keltirish imkoniyatidan mahrum qilmaydi.
Agar pul yoki ashyo olganlik fakti inkor etilmasa, u holda uni yozma dalillar bilan tasdiqlash talab qilinmaydi, har bir taraf o‘z talablarini asoslash uchun keltirayotgan holatlarni isbotlashga majbur.
Shunga ko‘ra bir taraf pul yoki ashyoni qarz uchun berganini tasdiqlab, ikkinchi taraf uni olganini inkor qilmasdan bu pul yoki ashyo qarzga emas, balki hadya tariqasida bergan deb tasdiqlasa, sud pul yoki ashyo olgan tarafdan qarz emas, balki hadya shartnomasi bo‘lganligini tasdiqlovchi dalillarni talab qilib olishi va shu asosga ko‘ra nizoni hal qilishi lozim.