Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 47176 marta o'qildi

O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik shaxsning davlat bilan o‘zaro huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi yig‘indisida ifodalanadigan hamda inson qadr-qimmati, asosiy huquqlari va erkinliklarini e’tirof etish hamda hurmat qilishga asoslanadigan doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi.     


O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi quyidagi hollarda olinadi
  • tug‘ilganlik bo‘yicha;
  • bola farzandlikka olinganda;
  • O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash natijasida.
  • O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va Qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra ham olinishi mumkin.

Fuqarolikda tenglik
  • O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining butun hududi uchun yagona fuqarolik o‘rnatiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining fuqarosi ayni bir vaqtda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.
  • O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi, u qanday asoslarda olinganligidan qat’i nazar, hamma uchun tengdir.
  • O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdir.
  • O‘zbekiston Respublikasida har bir inson fuqaro bo‘lish huquqiga egadir. Hech kim O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligidan mahrum qilinishi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno, yoki fuqarolikni o‘zgartirish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.
  • O‘zbekiston Respublikasi o‘z fuqarolarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni O‘zbekiston Respublikasi hududida hamda uning hududidan tashqarida amalga oshiradi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi
  • 1992-yil 28-iyulь holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashagan, chet davlat fuqarosi bo‘lmagan va O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lish istagini bildirgan shaxs;
  • O‘zbekiston hududida yashagan va 1992 yil 28-iyulga qadar o‘qish uchun O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgan hamda uzluksiz ravishda ta’lim olgan yoxud harbiy xizmatni o‘tagan va o‘qish yoki harbiy xizmat tugaganidan keyin 1 yil ichida O‘zbekistonga qaytib kelgan hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy propiskadan o‘tgan shaxs, basharti uning chet davlat fuqaroligi mavjud bo‘lmasa;
  • Qonun kuchga kirgan kunda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxs;
  • Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini olgan shaxs.

  • 2005-yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
  • O‘zini O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasida kamida o‘n besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
  • Ota-onasidan biri (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O‘zbekiston Respublikasida yashab kelayotgan bola xohish bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
  • Nazarda tutilgan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ariza beruvchi ushbu faktlarni sud tartibida aniqlashi mumkin.       

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u
  • chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo‘lsa;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan e’tiboran va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz 5 yil davomida doimiy yashab kelayotgan bo‘lsa;
  • tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
  • O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
  • davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.

Fuqarolikni olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
  • so‘rovnoma;
  • yashash guvohnomasi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasi;
  • nikoh tuzilganligi yoki nikoh bekor qilinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (mavjud bo‘lsa);
  • iltimosnomada ariza beruvchi bolasini ko‘rsatib o‘tgan taqdirda, bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va yashash guvohnomasi (mavjud bo‘lsa), bunda 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolaning notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinadi;
  • tirikchilikning qonuniy manbalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat (jismoniy shaxsning daromadi haqidagi ma’lumotnoma, soliq inspektsiyasidan berilgan jismoniy shaxsning daromadi bo‘yicha soliq deklaratsiyasi, ish joyidan oylik ish haqi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma, pensiya tayinlanganligi haqida ma’lumotnoma, aliment to‘lanishi haqida ma’lumotnoma, kredit tashkilotiga qo‘yilgan mablag‘i mavjudligi haqidagi hisobvarag‘i ko‘rsatilgan holda berilgan ma’lumotnoma, ariza beruvchi kimning qaramog‘ida bo‘lsa, shu shaxsning daromadlari haqida ma’lumotnoma, shuningdek, boshqa qonuniy daromadlarini tasdiqlovchi hujjat);
  • davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi hujjat.

Davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilishini tasdiqlovchi hujjat vakolatli organ tomonidan idoralararo ma’lumot almashinuvi tizimi orqali olinadi.


O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi masalalariga oid materiallarni ko‘rib chiqishni tugatish asoslari.

Chat