Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 2322 marta o'qildi

Topilma haqida xabar berish

Yo‘qolgan ashyoni topib olgan shaxs ashyo egasini, uni yo‘qotgan shaxsni yoki uni olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa ma’lum shaxsni darhol xabardor qilishi va ashyoni qaytarishi shart.

Ashyo:

  • bino ichida topilsa — bino egasi yoki ma’muriyatiga;
  • transportda topilsa — transport vositasi egasi yoki uning vakiliga topshiriladi.

Topilmani qabul qilgan shaxs topib oluvchining tegishli huquq va majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.

Ashyo egasi noma’lum bo‘lsa

Ashyoni olish huquqiga ega shaxs yoki uning manzili noma’lum bo‘lsa, topilma haqida:

  • ichki ishlar organiga;
  • tegishli davlat organiga;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga xabar berish lozim.

Ashyoni topib olgan shaxs uni o‘zida saqlab turishi yoki saqlash uchun tegishli organga yoxud organ ko‘rsatgan shaxsga topshirishi mumkin.

Tez buziladigan ashyo yoki saqlash xarajati uning qiymatiga nisbatan juda yuqori bo‘lgan ashyo dalolatnoma tuzilgan holda sotilishi mumkin. Sotishdan tushgan pul topilgan ashyoning o‘rnini egallaydi.

Mulk huquqining vujudga kelishi

Topilma haqida vakolatli organga xabar berilganidan keyin olti oy ichida ashyo egasi aniqlanmasa va hech kim unga bo‘lgan huquqini bildirmasa, ashyoni topgan shaxs unga mulk huquqini oladi.

Agar topib oluvchi ashyoni mulk qilib olishdan bosh tortsa, ashyo davlat mulkiga o‘tadi.

Muhim: topilgan ashyoni darhol o‘ziniki qilib olish mumkin emas. Avval egasini aniqlash va vakolatli organga xabar berish choralari ko‘rilishi shart.

Xarajatlar va mukofot

Ashyoni egasiga qaytargan shaxs:

  • saqlash;
  • topshirish yoki sotish;
  • ashyo egasini qidirish bilan bog‘liq zarur xarajatlarni undirish huquqiga ega.

Bundan tashqari, topib oluvchi ashyoni olish huquqiga ega shaxsdan ashyo qiymatining 20 foizigacha miqdorda mukofot talab qilishi mumkin.

Agar topilgan hujjat yoki ashyo faqat uning egasi uchun qimmatga ega bo‘lsa, mukofot taraflar kelishuvi bilan, kelishuv bo‘lmasa, sud tomonidan belgilanadi.

Topib oluvchi topilma haqida xabar bermagan yoki uni yashirishga uringan bo‘lsa, mukofot talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi.

Tartib Fuqarolik kodeksining 192–194-moddalarida belgilangan.

Chat