Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 109 marta o'qildi

Bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslar o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida advokatlar xizmatidan keng foydalanmoqda. Advokat bilan tuziladigan shartnoma — huquqiy xizmatlar ko‘rsatish jarayonini tartibga soladigan asosiy hujjat hisoblanadi. Shu bois, shartnoma munosabatlariga kirishayotganda quyidagi muhim faktlarni bilish har bir fuqaro va tashkilot uchun foydalidir.


1. Shartnomaning yozma shaklda tuzilishi

Advokat bilan huquqiy xizmat ko‘rsatish shartnomasi albatta yozma shaklda tuzilishi shart. Og‘zaki kelishuv hech qanday huquqiy kuchga ega bo‘lmaydi. Yozma shartnoma tomonlarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilab beradi hamda kelajakda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni oldini oladi.


2. Shartnomada belgilanishi zarur bo‘lgan asosiy shartlar

Advokat qaysi ishlarni bajarishi (masalan, sudda vakillik, hujjatlar tayyorlash, maslahat berish va h.k.), shartnoma qachondan kuchga kirishi va qachon tugashi, xizmat narxi, to‘lov usuli va muddati aniq ko‘rsatilishi lozimligi, advokatning himoya qilish yoki vakillik qilish majburiyati, mijozning esa o‘z vaqtida axborot berish va to‘lovni amalga oshirish majburiyati va shartnoma shartlari buzilganda tomonlarning javobgarligi belgilanishi kerak.


3. Advokatning maqomi va vakolatini tekshirish

Shartnoma tuzishdan oldin advokatning advokatlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega ekanligi (litsenziya yoki guvohnoma) va advokatlik byurosi, firmasi yoki hay’atiga a’zoligi tekshirib ko‘rilishi lozim. Bu kelgusida huquqiy muammolarning oldini oladi.


4. Maxfiylik va ishonch tamoyili

Advokat bilan tuzilgan shartnomada maxfiylik tamoyiliga alohida e’tibor beriladi. Advokat mijozdan olgan barcha ma’lumotlarni sir saqlash majburiyatiga ega. Mijoz esa advokatga ishonch bilan to‘liq va aniq ma’lumot taqdim etishi zarur.


5. Shartnomani bekor qilish tartibi

Shartnoma tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida yoki qonunda belgilangan asoslar bo‘yicha bekor qilinishi mumkin. Bu tartib ham shartnomada aniq ko‘rsatilishi lozim.


6. Huquqiy xizmat uchun haq to‘lashning shaffofligi

Ba’zan mijozlar oldindan xizmat narxini aniq bilmaganligi sababli nizo kelib chiqadi. Shuning uchun to‘lov miqdori, qo‘shimcha xarajatlar va ular yuzaga kelganda to‘lash tartibi shartnomada batafsil ko‘rsatilishi kerak.


Xulosa o‘rnida aytish kerakki, advokat bilan tuziladigan shartnoma — mijozning huquqiy himoyasini kafolatlaydigan muhim hujjatdir. Uni imzolashdan oldin barcha bandlarni diqqat bilan o‘qib chiqish, advokatning vakolatini tekshirish va kelishuvlarni yozma ravishda mustahkamlash — har bir fuqaro va tashkilot uchun zarur kafolatdir.

Chat