Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 101 marta o'qildi

Hukumat qarori (673-son, 24.10.2025-y.) bilan “Aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish, energiya samarador qurilmalarni xarid qilish va o‘rnatishda subsidiya ajratish to‘g‘risida ”gi nizom tasdiqlandi. 

Nizom aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarini to‘liq qoplash, quyosh panellari, geliokollektorlar, issiqlik nasoslari hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.

Subsidiya talabgorga aholi uy-joylariga energiya samarador qurilma va uskunalar energiya auditori xulosasi asosida o‘rnatilganda beriladi.

Talabgor tomonidan qurilma va uskunalar xarajatlari uchun to‘lovlar subsidiya ajratiladigan qism chegirib tashlangan holda amalga oshiriladi. Qurilma va uskunalar xarajatlarining subsidiya qilinadigan qismi Energiya samaradorligi milliy agentligi  tomonidan etkazib beruvchiga to‘lab beriladi.

Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:

► aholi uy-joylarini energiya auditidan o‘tkazish xarajatlarining 100 foizi miqdorida;

► aholi uy-joylariga quyosh panellari, geliokollektorlar hamda boshqa maishiy isitish qozonlari, qurilma va uskunalarni xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 20 foizi miqdorida;

► aholi uy-joylariga issiqlik nasoslarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 40 foizi miqdorida, bunda ushbu yo‘nalishda ajratiladigan subsidiya miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi lozim.

Agar talabgor tijorat banklaridan “yashil” kreditlarni olish maqsadida uy-joylarni energiya auditidan o‘tkazish so‘rovini yuborish orqali shartnoma rasmiylashtirganda, shartnoma mablag‘i 100 foiz miqdorda oldindan o‘tkaziladi va platformada vaqtincha band qilinadi.

Chat