Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 72 marta o'qildi
Hukumat qarori (771-son, 06.12.2025-y.) bilan “Qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. 

Ushbu nizom paxta xomashyosi etishtiruvchi qishloq xo‘jaligi sub’ektlariga 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan har bir tonna paxta xomashyosi uchun 1 mln so‘mdan subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.

Nizom talablari 2026-yil 1 yanvarga (spot shartnomalari uchun 2026-yil 1 aprelga) qadar 2025-yil hosilidan birja savdolari orqali sotilgan paxta xomashyosi uchun tatbiq etiladi.

Paxta xomashyosi etishtiruvchi subsidiya olish uchun o‘zi etishtirib sotgan mahsulotni 1-marta yoki bir necha qismga bo‘lib sotishidan qat’i nazar, 1 marotaba murojaat qilish huquqiga ega.

Paxta xomashyosi etishtiruvchi “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsiyalashuv platformasida shaxsiy kabinet ochish orqali subsidiya olish to‘g‘risida ariza beradi.

Agroportalda shakllantirilgan subsidiya ajratiladigan paxta xomashyosi etishtiruvchilar ro‘yxati har oyning 10-sanasida Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yuboriladi.

Tijorat banki paxta xomashyosi etishtiruvchiga ajratilgan subsidiyani 3 bank ish kuni ichida uning 23410 hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
 

Chat