Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1 fevraldan zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan va o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan, shuningdek, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan bolalar uchun professional tutingan oila xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Professional tutingan oilani tashkil etishga nomzodlar bolalardagi zo‘ravonlik natijasida olingan ruhiy jarohatning salbiy ta’sirini kamaytirish, xulq-atvoridagi og‘ishishlar va ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy-reabilitatsiya dasturlari asosida o‘qitiladi.
Zo‘ravonlik natijasida oilasidan olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar professional tutingan oilaga “Inson” markazlari va mazkur oilalar o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida joylashtiriladi.
Professional tutingan oilaga har bir joylashtirilgan bolani parvarishlash uchun har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari miqdorida mablag‘ to‘lab boriladi.
Bunday oilaga joylashtirilgan har bir bolaning yashash xarajatlari uchun qonunchilikka muvofiq oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilarining yashash xarajatlari uchun belgilangan miqdorlarda mablag‘ ajratiladi.