Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, O‘zbekistonning Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovarlarni etkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar g‘aznachilik organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Navbatdagi yil uchun O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladigan loyihalar portfellari Vazirlar Mahkamasi tomonidan har yili 1-iyulgacha Qonunchilik palatasiga kiritib boriladi.
O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladigan loyihalar portfeli fraktsiyalarda hamda Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida muhokama qilinadi.
Loyihalar portfeli fraktsiyalar va Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi hamda taklif va tavsiyalar Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har yili 15-aprelgacha o‘rta muddatli davr uchun kamida 2 ta stsenariydagi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozining dastlabki bahosi ishlab chiqiladi.
Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot byudjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat bo‘ladi.