Farmonga ko‘ra, “U 10 – O‘zbekistonning global ilg‘or universitetlari” dasturi joriy etiladi va uning doirasida oliy ta’lim tashkilotlariga milliy tadqiqot universiteti maqomini berish yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy tadqiqot universiteti maqomi davlat ilmiy dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klaster tashkil etish loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib bo‘lgan 10 ta oliy ta’lim tashkilotiga beriladi.
2027-yil 1 yanvardan oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingi natijalariga ko‘ra moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Milliy reyting natijalariga ko‘ra, har bir toifa guruhiga mansub oliy ta’lim tashkilotlarining 20 foizi 1-darajaga, 40 foizdan 2- va 3-darajalarga kiritiladi.
2027-yil 1 yanvardan davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida ta’lim olayotgan 1 nafar talabani o‘qitish xarajatlari miqdorini quyidagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantirish tartibi joriy etiladi:
➖ 1 nafar professor-o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha talabalar soni nisbati;
➖ ta’lim sohasi murakkabligi, shu jumladan, ta’lim yo‘nalishlari (ixtisosliklar) uchun talab etiladigan moddiy-texnik baza;
➖ ta’lim sohasi oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning ustuvor sohalariga mosligi;
➖ oliy ta’lim tashkilotining maqomi va (yoki) toifasiga ko‘ra ilmiy tadqiqotga yo‘naltirilganligi va boshqalar.
Farmonga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi.
Respublika davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga muayyan o‘quv yili uchun ajratilgan grant kvotalarining to‘lmay qolgan qismi hisobidan har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish uchun grant berishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi.
2026/2027 o‘quv yilidan oliy ta’lim tashkilotlariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha tariqasida “Study in Uzbekistan” platformasi orqali
qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar ta’limning keyingi bosqichi uchun hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
✅ Quyidagilar tashkil etiladi:
♦ Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi;
♦ Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Yoshlar akademiyasi negizida Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash ofisi.