“Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–135-son, 11.04.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2030-yilga qadar Toshkent davlat agrar universitetini (Universitet) rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
► Universitetning xalqaro nufuzini oshirish hamda xalqaro reyting tashkilotlarining top-500 talik oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatiga kiritishga erishish;
► ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini 3 baravarga oshirish;
► xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari sonini 4 baravarga oshirish.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:
♦ agrar oliy ta’lim muassasalarida belgilangan ro‘yxatda keltirilgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi 3 yillik ta’lim dasturlari asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda o‘quv jarayonlarida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ulushi:
▫️ 1-kursda – 60 foiz nazariy va 40 foiz amaliy;
▫️ 2-kursda – 50 foiz nazariy va 50 foiz amaliy;
▫️ 3-kursda – 30 foiz nazariy va 70 foiz amaliy bo‘lishi nazarda tutiladi;
♦ talabalarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va sohalarning xususiyatidan kelib chiqib, Universitetning yuqori kurslarida o‘qish nazariy ta’limdan ajralgan holda 4 oy muddatga uzluksiz dual ta’lim (talabalar amaliyoti) asosida tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan:
♦ Universitet tomonidan belgilanadigan mos ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqqan holda:
➖ 1-kurs bitiruvchilariga “A”, “V”, “S” va “D” toifalaridagi qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomasi;
➖ 2-kurs bitiruvchilariga (“A”, “V”, “S” va “D” toifasidagi traktorchi-mashinist guvohnomasi mavjud) “E” va “F” toifalaridagi qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini boshqarish huquqini beruvchi traktorchi-mashinist guvohnomasi belgilangan tartibda beriladi.
Universitet huzurida Yangi agronomlarni tayyorlash jamg‘armasi (Jamg‘arma) tashkil etiladi.
Yoshlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston yosh fermerlar kengashi tomonidan “Yosh fermerlar savdo maktabi” loyihasi amalga oshiriladi.
✅ Universitet talabalarini agrar sohada amaliy bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassis sifatida tayyorlash maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab “kelajak fermerlari” tashabbusi joriy etiladi.