Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 13 marta o'qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Andes hantavirusi bilan bog‘liq kruiz kemasidagi kasallik tarqalishini kuzatayotganini bildirdi. 8-may holatiga ko‘ra, sakkizta kasallanish va uchta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, olti holat laboratoriya orqali tasdiqlangan. Tashkilot kasallikka oid savollarga javob berdi.


Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Andes hantavirusi (ANDV) bilan bog‘liq kruiz kemasidagi kasallik tarqalishi yuzasidan ma’lumot berdi.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 8-may holatiga sakkizta kasallanish holati va uchta o‘lim qayd etilgan. Olti holatda Andes virusi infektsiyasi laboratoriya tahlillari orqali tasdiqlangan. Hozircha o‘lim ko‘rsatkichi 38 foizni tashkil etmoqda.

Tashkilot ayni paytda zararlangan kema yo‘lovchilari va ekipaji uchun xavf darajasini «o‘rtacha», dunyo aholisi uchun esa «past» deb baholagan.

Hantavirus odamdan odamga yuqishi mumkinmi?

Andes virusining odamdan-odamga yuqishi kam uchraydigan holat, biroq u avvalroq uzoq muddat yaqin aloqada bo‘lganlar orasida qayd etilgan. Ayni damda kasallikning ushbu avj olishidagi yuqish zanjirlarini yaxshiroq tushunish maqsadida tadqiqotlar olib borilmoqda.

Odamlar odatda qanday yo‘l bilan kasallanadi?

Hantavirus infektsiyasi asosan kasallangan kemiruvchilar bilan aloqada bo‘lish yoki ular ifloslantirgan muhit bilan aloqa qilish orqali yuqadi. Kasallik kemiruvchilar ko‘p bo‘lgan joylarni tozalash paytida yoki ular yashaydigan hududlardagi mashg‘ulotlar vaqtida yuqishi mumkin.

Kasallik belgilari qanday?

Dastlabki belgilar quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:

  • isitma;
  • bosh og‘rig‘i;
  • bosh aylanishi;
  • et uvishishi;
  • mushaklar og‘rig‘i;
  • ko‘ngil aynishi, qusish yoki diareya.

Og‘ir holatlarda to‘satdan nafas siqishi rivojlanishi mumkin. Belgilar virus yuqqanidan so‘ng 1 haftadan 6 haftagacha bo‘lgan muddatda paydo bo‘lishi mumkin.

Unga qarshi vaktsina yoki davo mavjudmi?

Hozirgi vaqtda hantavirus infektsiyalariga qarshi litsenziyalangan davo usuli yoki vaktsina mavjud emas. Erta bosqichdagi qo‘llab-quvvatlovchi tibbiy parvarish va jonlantirish bo‘limida davolanish imkoniyati omon qolish ehtimolini oshirishi mumkin.

JSST nimalarni tavsiya etmoqda?

JSST quyidagilarni tavsiya qiladi:

  • kasallikka gumon qilingan holatlarni erta aniqlash va bemorlarni izolyatsiya qilish;
  • bemor bilan yaqin muloqotda bo‘lganlarni kuzatish;
  • qo‘l gigienasi va respirator odobiga rioya qilish;
  • aholini aniq va dalillarga asoslangan ma’lumotlar bilan xabardor qilib borish;
  • sog‘liqni saqlash muassasalarida infektsiya profilaktikasi va nazorati choralarini kuchaytirish.

JSST bemorlar bilan aloqada bo‘lganlarni kuzatish, laboratoriya sinovlari, epidemiologik tadqiqotlar o‘tkazish va jamoat salomatligini saqlashga doir chora-tadbirlar bo‘yicha mamlakatlar hamda hamkorlar bilan ishlarni muvofiqlashtirmoqda.

Kontekst

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 4-may kuni Atlantika okeanidagi kruiz layner bortida hantavirus bilan bog‘liq etti holat aniqlangani haqida xabar berdi.

Kasallik tarqalgan «Hondius» nomli kruiz layneri 1 aprel kuni Argentina janubidagi Ushuaya shahridan chiqqan va Kabo-Verde tomon harakatlangan. Bortda ekipaj a’zolari bilan birgalikda 150 nafarga yaqin kishi bo‘lgan. Kruiz qatnashchilari Antarktidada hamda Janubiy Atlantikada o‘z yovvoyi tabiati bilan mashhur bo‘lgan orolda bo‘lishgan.

6-aprel kuni layner yo‘lovchilaridan biri, Niderlandiya fuqarosida isitma, bosh og‘rig‘i va engil diareya alomatlari paydo bo‘lgan. 11 aprel kunigacha unda nafas etishmovchiligi rivojlangan va u o‘sha kuniyoq vafot etgan. 24-aprel kuni uning jasadi kemadan Atlantika okeanidagi Avliyo Elena oroliga etkazilgan.

Uning rafiqasi, Niderlandiya fuqarosi bo‘lgan ayol ham jasadni vataniga qaytarish jarayonida hamrohlik qilish uchun sohilga tushgan. 25-aprel kuni Janubiy Afrika Respublikasiga parvoz vaqtida uning ahvoli yomonlashgan, 26-aprel kuni u ham Yoxannesburgdagi shifoxonada vafot etgan.

24-aprel kuni «Hondius»dagi shifokorga Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan yana bir yo‘lovchi murojaat qilgan. Unda isitma va nafas qisishi kuzatilgan. Uni ham Yoxannesburgga evakuatsiya qilishgan va intensiv terapiya bo‘limiga yotqizishgan. 4-may kuniga kelib laboratoriya tekshiruvlari u ham hantavirus variantlaridan birini yuqtirib olganini tasdiqladi. Xuddi shu virus vafot etgan niderlandiyalik ayoldan ham chiqqan. Uning vafot etgan turmush o‘rtog‘ida esa hozircha hantavirus tasdiqlanmagan.

Shu bilan birga, laynerda yana bir o‘lim holati ro‘y bergan — 2-may kuni Germaniyadan bo‘lgan yo‘lovchi ayol vafot etgan, uning ham isitmasi ko‘tarilib ketgandi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, u bilan muloqotda bo‘lgan shaxs va ekipajning ikki a’zosida nafas olish va oshqozon-ichak simptomlari aniqlangan. Ular aynan hantavirusdan zararlangani va kasallikni ularga germaniyalik ayol yuqtirgani hozircha tasdiqlanmagan. «Hondius»ning boshqa yo‘lovchilarida hantavirusga xos alomatlar qayd etilmagan.

Hozirda kruiz layneriga biron portga kirishiga ruxsat berilmayapti.

Chat